28-10-2025 11:05

Bu haqda Prezidentning «Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi (PQ–316-son) qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, 2026-yildan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab o‘quvchilarni kasb tanlashga yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.
5 yoshdan «Atrofimizdagi kasblar» o‘yinlari, 1–4-sinflarda «Kasblar alifbosi», 5–6-sinflarda «Kasblar olami», 7–9-sinflarda esa «Mening kelajakdagi kasbim» fanlari joriy qilinadi.
2028-yildan 9-sinf yakuniy imtihonlari natijasiga ko‘ra o‘quvchilar texnikumlarga yo‘naltiriladi.
2026-yildan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining maoshi birinchi malaka toifasiga ega o‘qituvchilar darajasiga tenglashtiriladi.
Har bir ustaga 20 nafar o‘quvchidan ortiq bo‘lmasligi belgilandi. Texnikum direktorlariga ustalar uchun ajratilgan ish haqi fondi doirasida EKOIHning 15 baravarigacha oylik belgilash vakolati beriladi.
Har yili eng yaxshi 50 nafar usta va o‘qituvchi xorijda malaka oshiradi.
Dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilarga har oy bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida stipendiya to‘lanadi. Ushbu davr mehnat stajiga qo‘shiladi. Dual ta’limni tashkil etgan ish beruvchilarga 7-yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
2026-yildan boshlab Prezident sovrini uchun «Kasbiy mahorat milliy tanlovi» o‘tkaziladi. Milliy reytingda eng yuqori 50 talikka kirgan texnikumlarning har biri BHMning 3000 baravari miqdorida rag‘batlantiriladi.
2030-yilgacha texnikumlarni tugatish, ularning yer maydonlari va binolarini xususiylashtirishga moratoriy e’lon qilinadi.
2026-yil 1-sentyabrdan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda to‘liq davlat byudjeti hisobidan o‘qiydi, 11-sinfni bitirgan talabgorlar esa to‘lov-kontrakt asosida tahsil oladi.
