12-11-2025 09:56

Tadqiqot doirasida ular 40 ta turli smartfon: iPhone, Samsung Galaxy, Xiaomi, Oppo, Vivo va boshqa brendlarning modellari ustida sinov o‘tkazildi. Qurilmalar ikki guruhga ajratildi: biri oddiy, ikkinchisi esa tez zaryadlovchi adapterlar yordamida har kuni to‘liq zaryadlandi.
Natijalar kutilmagan darajada ijobiy bo‘lib chiqdi. Ha, tez quvvatlash jarayoni batareya kuchiga ta’sir ko‘rsatadi, ammo bu farq nihoyatda kichik: 500 ta to‘liq zaryadlash siklidan so‘ng quvvat sig‘imi 1 foizdan biroz kamaygan. Boshqacha aytganda, farq amaliy jihatdan sezilmagan. Demak, bu tajriba zamonaviy batareyalar va ularni boshqaruvchi mikrosxemalar haqiqatan ham ancha ilg‘or ekanini ko‘rsatadi.
Shuningdek, blogerlar “batareyani faqat 30% dan 80% gacha zaryadlab turing” degan maslahatni ham sinovdan o‘tkazdi. Natijalar bu usul haqiqatan ham batareya umrini uzaytirishini tasdiqladi, ammo farq atigi 4 foizni tashkil etdi.
Tajriba davomida blogerlar yana bir muhim savolni o‘rganishdi: smartfonni 100% bo‘lganidan keyin quvvatda qoldirish zararli emasmi? Apple va boshqa ishlab chiqaruvchilar bunga ehtiyotkorlik bilan qarashni tavsiya etadi, biroq HTX Studio buning real oqibatini tekshirishga qaror qildi. Bir hafta davomida elektr tarmog‘iga uzluksiz ulangan oltita iPhone sinovdan o‘tkazildi va natijada hech qanday jiddiy muammo aniqlanmadi. Demak, zamonaviy qurilmalarda ortiqcha zaryadlanishni to‘xtatuvchi himoya tizimi yaxshi ishlaydi.
Tajriba yakunida mutaxassislar batareya sig‘imining kamayishi foydalanuvchi uchun qachon sezilishini aniqlashdi. Ularning fikricha, quvvat 85% ga tushganidan boshlab ishlash vaqti biroz kamayadi, 80% da esa bu farq aniq sezila boshlaydi.
Bundan tashqari, tez quvvatlashdan ko‘ra harorat omili ko‘proq zarar keltirishi isbotlandi. Batareya quyoshda qolganda yoki issiq stol ustida ko‘p saqlanganda tezroq eskiradi. Shuning uchun smartfonni quyosh nuri yoki issiqlik manbasidan uzoqda zaryadlash tavsiya etiladi.
Xulosa qilganda, tezkor quvvatlash batareyani “o‘ldirmaydi” — aksincha, foydalanuvchining kundalik hayotini qulaylashtiradi.
