Bir necha raunddan iborat boʻlgan debatda aholi uchun dolzarb boʻlgan masalalar muhokama qilindi.
Debatning 2-raundida butun dunyoni tashvishga solayotgan masala — korrupsiyaga qarshi kurashishda partiyalar tomonidan qanday aniq tashabbuslar ilgari surilayotgani toʻgʻrisida spikerlarga savol berildi.
Har bir partiya vakili korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻz partiyasining tashabbusini sodda va tushunarli tilda saylovchilar eʼtiboriga yetkaza oldi.
OʻzLiDeP vakili davlat xizmatlarini raqamlashtirish, kelajakda 40% davlat xizmatlarini xususiy sektorga oʻtkazish hamda elektron xizmatlar ulushini kengaytirish orqali korrupsiyani kamaytirishni maqsad qilingani, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan Milliy strategiyani ishlab chiqishni rejalashtirishayotganini taʼkidlab oʻtdi.
MTDP vakili korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunlar va chora-tadbirlar bilan cheklanib qolmasligi, bunda insonning milliy qadriyatlarga asoslangan toʻgʻri tarbiyasiga ham eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, partiya korrupsiyaga qarshi keng jamoatchilikni jalb etish, qonun ustuvorligini taʼminlash tashabbuslarini ilgari surayotganligini maʼlum qildi.
Ekopartiya vakili daraxtlar kesilishi, qurilish sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali korrupsiya holatlarining oldini olish, shaharlarda qurilish ishlarini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish mexanizmlarini qonunchilikka kiritish yuzasidan partiya tashabbuslariga toʻxtaldi.
XDP vakili korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish va ularning davlat xizmatiga kirishini cheklash, korrupsiyaga oid murojaatlarni koʻrib chiqish va natijalarini eʼlon qilishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash tashabbusi ilgari surilayotganini qayd etib oʻtdi.
“Adolat” SDP vakili korrupsiya faktlarini “dastlabki oʻrganish” mexanizmini joriy etish, davlat byudjeti daromadlari va xarajatlarini shaffof qilish, davlat xaridlariga oid qonunchilikni takomillashtirish va byudjet jarayonlarini raqamlashtirish orqali korrupsiyani oldini olish asosiy vazifa sifatida belgilanganini maʼlum qildi.
Javoblardan barcha partiyalar korrupsiyaga qarshi kurashishga jiddiy eʼtibor qaratishgani, ammo ularning yondashuvlari bir-biridan farq qilishini kuzatish mumkin.
Siyosiy partiyalarning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha aniq reja va tashabbuslari mavjud ekani diqqatimizni tortdi. Kuzatamiz, ushbu yoʻnalishda partiyalar tomonidan qanday choralar amalga oshiriladi.
Mirsulton Mirzarahmatov,
Yoshlar parlamenti aʼzosi