Oliy ta’lim vazirligi nechta tashkilotni sudga bergan?
21.10.2024 11:20
2024-yilda O‘zbekistondagi 5 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda 26 ta nodavlat oliy ta’lim tashkiloti faoliyati o‘rganilgan. O‘rganishlar natijasida aksariyat nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining faoliyatida xato va kamchiliklar, qoidabuzarliklar aniqlangan.
Faoliyati vazirlik tomonidan o‘rganilgan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida aniqlangan kamchilik va qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha 1 oy muddat berilgan. Berilgan muddatlarda kamchilikni bartaraf etmagan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli sudlarga da’vo arizalari kiritilgan.
2024-yilda 5 ta nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha tegishli sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Sud jarayonlarida 1 ta oliygohning litsenziyasi bekor qilingan. 4 ta holatda tegishli sudlar tomonidan vazirlik kiritgan da’vo arizalari qanoatlantirilmasdan qoldirilgan. 2023-yilda esa jami 6 ta oliygohning litsenziyasi bekor qilingan.