So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar, xalqaro maydondagi nufuzidan kelib chiqqan holda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasi futbol uyushmalari birgalikda Osiyo kubogi mezbonligini yuqori saviyada o‘tkazishga ishonch bildirgan holda o‘z qo‘shma nomzodini ilgari surdi.
Bugungi kunda qo‘shni mamlakatlar bilan birga O‘zbekiston ham nufuzli musobaqani qabul qilishga har tomonlama tayyor. Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi kabi shaharlarda stadionlar xalqaro standartlarga mos ravishda tartibga keltirildi.
Markaziy Osiyo har doimgidek o‘zining mehmondo‘stligi, professional yondashuvi, futbolga fidoyiligi va albatta futbolsevar muxlislar mehri bilan butun Osiyo e’tiborini qozonishga tayyor, deya xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekistonda so‘nggi yillarda U20, U23 yosh toifalarida Osiyo kubogi, futzal bo‘yicha jahon chempionati yuqori saviyada tashkil etildi va bu musobaqalar kelgusidagi nufuzli turnirlar oldidan ulkan tajriba vazifasini o‘tadi.