Xalqaro olimlar guruhi Shimoliy Amerikada ilk bor Kemp-Xill virusi – genipavirus turkumiga mansub virusni aniqladi. Tadqiqotchilar ushbu virus Alabama shtatidagi shimoliy kaltakesakdumli yerqazg‘oq kemiruvchilarida borligini tasdiqlashdi.
Genipaviruslar ilgari Avstraliya va Janubi-Sharqiy Osiyoda og‘ir kasalliklar va yuqori o‘lim darajasini keltirib chiqargan viruslar oilasiga mansub. Shu turkumga kiruvchi Hendra virusi Avstraliyaning Brisben shahrida ilk bor qayd etilgan bo‘lib, o‘lim darajasi 70 foizga yetgan. Nipax virusi esa Malayziya va Bangladeshda tarqalgan bo‘lib, u chaqirgan kasalliklarning o‘lim ko‘rsatkichi 40 foizdan 75 foizgacha bo‘lgan.
Brisben universiteti olimi doktor Ris Perri Kemp-Xill virusining Shimoliy Amerikada topilgani uning global tarqalish doirasi oldingi taxminlardan ancha keng ekanini ko‘rsatishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kemp-Xill virusining eng yaqin genetik qarindoshi – Langia virusi Xitoyda yerqazg‘oq kemiruvchilaridan odamlarga o‘tgan. Bu esa Kemp-Xill virusining ham odamlarga yuqish ehtimoli mavjudligini ko‘rsatadi.
Tadqiqotning mualliflaridan biri doktor Ariyel Ayzeks ushbu viruslar oilasiga qarshi vaksina ishlab chiqish muhimligini ta’kidlab, olimlarning navbatdagi bosqichi virusning hujayralarga kirish jarayonini o‘rganish va unga qarshi samarali himoya usullarini topishdan iborat ekanligini ma’lum qildi.
Mazkur ilmiy ish Sell jurnalida chop etilgan bo‘lib, bu tadqiqot viruslarni aniqlash bo‘yicha eng yirik ilmiy ishlardan biri hisoblanadi. Ilmiy guruh ilgari 161 979 ta yangi RNK virusi aniqlanganini ham e’lon qildi. Olimlar ushbu kashfiyotlar kelajakda insoniyat uchun noma’lum bo‘lgan millionlab viruslarni xaritalash va ularni oldindan aniqlash imkonini berishini ta’kidlamoqda.