AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Rossiya bilan urush tufayli Ukraina bir asrga ortga qaytganini ta’kidladi. Bu haqida u 30-yanvar kuni jurnalist Megan Kelli bilan suhbatda aytib o‘tdi.
“Ukraina 100 yil ortga qaytdi, uning energiya tizimi vayron bo‘ldi. Bularning barchasini tiklash uchun kimdir to‘lov qilishi kerak. Yana qancha ukrainalik o‘z yurtidan chiqib ketdi va hozir boshqa mamlakatlarda yashamoqda? Ular hech qachon qaytmasligi mumkin. Bu esa Ukrainani og‘ir kelajak kutayotganini anglatadi”, — dedi Rubio.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi AQSH ma’muriyati Ukrainani Rossiyani mag‘lub etish va hattoki yo‘q qilish mumkinligiga ishontirdi, biroq urush davom etishi mamlakatni tobora ko‘proq vayronaga aylantirmoqda.
“Biz hech qanday yechimga olib bormaydigan, uzoq davom etadigan mojaroni moliyalashtirmoqdamiz. Ukraina o‘zini yo‘q qilib, tobora ko‘proq hududlarini yo‘qotmoqda”, — dedi AQSH rasmiy vakili.
Rubio Ukrainaga qaror qabul qilish qiyin bo‘lishini tan olib, Zelenskiy reallikni qabul qilishi kerakligini ta’kidladi. U urushni to‘xtatish va muzokaralar yo‘li bilan tomonlarning kelishuvga borishi muhimligini qayd etdi.