“Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatimizning barcha qatlami, aholining barcha toifalariga kirib bormoqda. Qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Inson qadri ustuvorligi, insonparvarlik, adolatparvarlik islohotlarning bosh gʻoyasiga aylandi”, – deydi Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Narimon Umarov.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida turli yoʻnalishlar kabi mahkumlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Jumladan, Konstitutsiyaning 28-moddasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, mahkumlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash, shuningdek, ozodlikdan mahrum etish joylarida mahkumlarni saqlash shart-sharoitlarini insonparvarlik nuqtai nazaridan yanada yaxshilashni nazarda tutuvchi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq mahkumlarning oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishiga, shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ga, Bola huquqlari boʻyicha vakil (Bolalar ombudsmani)ga hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilishga boʻlgan huquqlari, shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylovlarda hamda referendumda ishtirok etishga boʻlgan huquqi mustahkamlanishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Qonunga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etish huquqi ega.
Agar ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar tegishli saylovlarda hamda referendumda ishtirok etish huquqidan qonunga muvofiq va sudning hukmi asosida mahrum etilgan boʻlmasa, ular ushbu saylovlarda va referendumda ishtirok etish huquqiga ega boʻldi.
Mahkumlarning oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi huquqi mustahkamlandi. Unga koʻra, mahkumlar oʻziga nisbatan inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega ekanligi, jazoni ijro etish muassasalari xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada boʻlishi shartligi, mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini va boshqa majburlov choralarini qoʻllashda belgilangan asoslardan hamda tartibdan chetga chiqishga yoʻl qoʻyilmasligi, mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar oʻtkazilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilandi.
Mahkumlarning Ombudsmanga hamda Bolalar ombudsmaniga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi, murojaat qilish qutilarining oʻrnatilishi, ochilishi, foydalanishi, shuningdek, murojaatlarni yuborish tartibi yangi normada oʻz ifodasini topdi.
Kodeksda keltirilgan differensiatsiya va individuallashtirish soʻzlari texnik-imloviy jihatdan “tabaqalashtirish va yakka tartibda yondashish” degan soʻzlar bilan almashtirildi.
Mazkur qonun mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinishiga, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning prinsiplari va normalari bilan uygʻunlashtirishni taʼminlashga xizmat qiladi.