Bungacha Islom Abdujabborov boshchiligidagi jamoa Saudiya Arabistoni (4:3) va Peru (5:4) jamoalari ustidan g‘alaba qozongan va AQSH terma jamoasiga 2:6 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Chorak finalda esa vakillarimiz turnirning eng kuchli jamoalaridan biri bo‘lgan Kolumbiyaga qarshi maydonga tushdi. Raqiblarimiz orasida garchi maydonda to‘p surmagan bo‘lsa ham, turnir qoidalariga ko‘ra “President penalty” imkoniyati orqali darvozamiz tomon penalti tepgan jahon yulduzi, “Real Madrid”, “Bavariya” kabi TOP-klublarda o‘ynagan va Kolumbiya terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Xames Rodriges ham bor edi. Uning penaltisini esa darvozabonimiz Timur Golikov bartaraf etdi. Bu ham kichik bo‘lsa-da, tarixiy ish bo‘ldi.
Abdujabborov jamoamiz darvozaboni Golikovga qarata Xames Rodrigesning penaltisini qaytarganini e’tirof qilar ekan, Golikov “Undan ko‘ra gol o‘tkazib yuborganim va biz g‘alaba qozonganimizda yaxshiroq bo‘lardi”, deb javob berdi.
“Biz hali qanday katta tarix yozilganini tasavvur ham qila olmaymiz. Bizni qo‘llab-quvvatlagan butun O‘zbekiston xalqiga rahmat aytamiz. Bizning borimiz shu, qo‘limizdan kelganini qildik. Italiya, Ispaniya, Germaniyadek jamoalar allaqachon turnirni tark etib, uyiga ravona bo‘lganida, biz chorak finalgacha yetib kela oldik. Olg‘a, O‘zbekiston”, — dedi “Unwanted Boys” jamoasi a’zosi Islom Abdujabborov.
Ha, futbol kutilmagan voqealarga boy. Professional futbolda turli sabablarga ko‘ra o‘z yo‘lini topa olmagan yigitlar “Unwanted Boys” ya’ni “xohlanmagan bolalar” yoki “keraksiz bolalar” nomi ostida jamoa tuzib, Jahon chempionatining chorak finaligacha yetib boradi, dunyoning eng kuchli 8 jamoasidan biri bo‘ladi desa, hech kim ishonmagan bo‘lardi. Ammo biz buni ko‘rdik.
“Xohlanmagan bolalar” kabi bo‘lishni endi hamma xohlaydi. “Keraksiz bolalar” endi ko‘pchilikka kerak. Buning ortidagi mehnat, sabr va mashaqqat esa faqat ularning o‘ziga ayon. Rahmat, yigitlar!