Buxoroda gaz portlashi oqibatida 4 kishidan iborat oila jabrlandi.
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi uylardan birida gaz portlashi sodir bo‘lib, ikki kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Baxtsiz hodisa joriy yilning 17 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Gaz portlashi oqibatida bir oilaning to‘rt nafar a’zosi kuyish jarohatini olgan. Keyinroq 41 yoshli ota-onalar vafot etgan, ularning qizlari shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.