Rossiyalik o‘smirlarning qariyb yarmi ota-onalari ular bilan onlayn hayotlarini muhokama qilishlarini aytishgan. Ko‘rsatkich unchalik yomon emas. Moskva davlat universitetining psixologiya fakulteti va Internetni rivojlantirish jamg‘armasi ishtirok etgan tadqiqotga ko‘ra, dunyoning 12 ta davlatida, jumladan, Fransiya, Xorvatiya, Italiyada ota-onalarning yarmidan ko‘pi farzandlari bilan ular internet tarmoqlarida nima qilayotgani haqida gaplashishadi. Bunday mas’uliyatli ota-onalar 80 foizdan ko‘proqni tashkil etadigan davlatlar bor. Eng faol onalar va otalar Fransiya, Germaniya va Xorvatiyada yashaydi.
Shveysariya, Polsha, Chexiya va Ispaniya aholisi o‘z farzandlari va internet haqida eng kam tashvishlanadilar: o‘smirlarning yarmidan ko‘pi ota-onalari internetda nima qidirayotganlarini umuman yoki deyarli hech qachon so‘ramasliklarini aytishgan.
Bolalarga internetda xavfsiz xatti-harakatlar bo‘yicha maslahatlarni kim beradi? Bu yerda ko‘plab rus onalari va otalarini o‘ylantiradigan raqamlar bor. Masalan, Xorvatiya maktab o‘quvchilarining 86 foiz ota-onalari ularning internetdagi mashg‘ulotlari haqida surishtiradi, Shveysariyada esa bu ko‘rsatkich 52 foizni tashkil qiladi.
Internetdagi xavfsizlik qoidalari bo‘yicha ikkinchi ma’lumot manbai — bu o‘qituvchilar. O‘qituvchilar bolalarni internetda yangi imkoniyatlar izlashga taklif qilishda ota-onalarga qaraganda ancha faolroq bo‘lgan mamlakatlar bor. Ushbu ro‘yxatga Shveysariya, Ispaniya, Litva va Portugaliya kiradi.
Agar internetda bolalarni tashvishga soladigan holat yuz bersa, ular o‘zlarini qanday tutadi? Ular ota-onalariga, o‘qituvchilariga yoki do‘stlariga murojaat qilishadi. Bu borada ota-onalar birinchi o‘rinda, farzandlarning o‘rtacha 64 foizi ulardan yordam kutadi. Do‘stlar ikkinchi o‘rinda. Turli mamlakatlarda bu foiz farq qiladi, lekin umuman olganda, o‘smirlarning uchdan bir yoki ikki qismi maslahat uchun do‘stlariga murojaat qiladi. Rossiyada bu ko‘rsatkich ancha past. Faqat har oltinchi o‘smir o‘z o‘rtoqlaridan yordam so‘raydi.
O‘smirlar kamroq hollarda o‘qituvchilarga yordam so‘rab murojaat qiladi, aksariyat mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 40 foizdan past. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlangan 9-11 yoshdagi bolalar soni eng ko‘p bo‘lgan 5 ta davlat quyidagilar:
— Fransiya - 63 foiz;
— Germaniya - 62 foiz;
— Italiya - 46 foiz;
— Xorvatiya - 41 foiz;
— Shveysariya - 38 foiz.
Asliddin NORBЕKOV tayyorladi