Zelenskiy yadroviy qurol olganidan keyin “Moskvani bombardimon qilish” bilan tahdid qilishi mumkin
Trampning shu oy boshida AQSH oliy idorasi rahbarligi uchun bo‘lgan saylovdagi g‘alabasi Ukrainada Vashingtonning Kiyevga ko‘rsatayotgan yordamiga qanday ta’sir qilishi borasida bir qancha xavotirlarni uyg‘otdi. Kiyevda Tramp Ukrainani o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaraga majbur qilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarga qaramay, ekspertlardan biri Amerikaning bo‘lajak rahbari boshqacha yo‘l tutishini taxmin qildi.
Shunday qilib, harbiy ekspert Nikolas Drummond Tramp Kiyevni yadro quroli bilan ta’minlay oladi, deb hisoblamoqda.
“Kelishuv juda sirli tarzda amalga oshirilishi va Ukraina to‘satdan katta qudratga ega bo‘lishi mumkin”, — deydi ekspert.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mazkur kelishuv amalga oshganidan so‘ng, Ukraina yadro quroliga ega bo‘lganini elon qilishi va Rossiya hujum qilgan taqdirda “Moskvani bombardimon qilish bilan” qo‘rqitish yo‘liga o‘tishi mumkin. Drummond kelishuvda nazarda tutilishi mumkin bo‘lgan shartlar haqida gapirar ekan, agar Ukraina NATO a’zoligiga qabul qilinmasa, Tramp Kiyevga yadro qurolini topshirishi ehtimoli oshishini ta’kidlagan.
“Ehtimol bu Trampning qo‘lidagi “eng katta qarta”dir, bir tomondan, Ukrainaga bunday ommaviy qirg‘in qurolini topshirish beparvolik bo‘lardi, biroq boshqa tomondan mazkur harakat mintaqada tinchlik o‘rnatish va kuchlar muvozanatini tiklashga yordam beruvchi vosita bo‘lishi mumkin”, — deydi Drummond.
Tramp Ukrainadagi inqirozni hal qilish uchun qattiq ishlashga va’da berdi, ammo Kiyevga "tezkor tuzatish" g‘oyasi yoqmadi
Avvalroq AQSHning saylangan prezidenti Ukrainadagi mojaroga barham berish uchun qattiq harakat qilish niyatida ekanini aytgan edi. U shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyatga ham e’tibor qaratadi. Hozirda Tramp o‘z bayonotlarida bu inqirozlarni tugatishga chaqirmoqda.
Shuningdek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putinga saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida o‘z niyati haqida gapirib bergan. Jumladan, respublikachi “Ukrainadagi urushni tezroq hal qilish” masalasi yuzasidan yangi suhbatlar o‘tkazishdan manfaatdor ekanligini bildirgan.
Trampning Ukrainadagi inqirozni hal qilish rejasi haligacha noaniq. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Trampning maslahatchilari unga “hozirgi front chizig‘ini muzlatib qo‘yishni” va chiziq bo‘ylab 800 milya demilitarizatsiya qilingan hudud yaratishni tavsiya qilmoqda. Qo‘shma Shtatlar shuningdek, Kiyevning Amerika qurol-yarog‘larini yetkazib berishni davom ettirish evaziga keyingi 20 yil davomida NATOga qo‘shilish g‘oyasidan voz kechishini ta’minlashi kerak.
O‘z navbatida, Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov ushbu nashr mavhum xarakterga ega ekanligini, u mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishning barcha asosiy va muhim asoslarini shaxsiyatsizlashtirishini aytdi. “Bu ko‘proq “The Wall Street Journal”ning Ukraina bo‘yicha rejasi”ga o‘xshaydi”, — deya xulosa qildi Rossiya prezidenti matbuot kotibi.
Ayni paytda Kiyev Trampning mojaroni “tezkorlik bilan hal qilish” haqidagi g‘oyasi Ukraina uchun yo‘qotishlarni anglatadi, deb hisoblaydi. Zelenskiy amerikalik siyosatchining mojaroga tezda barham berish istagiga ishonishini aytgan, ammo bu shunday bo‘ladi degani emas. Bungacha Ukraina rahbari Trampni Ukrainadagi mojaroga barham berish uchun Kiyevni hududiy yon bosishga ko‘ndira olmasligi borasida ogohlantirgan edi.
Asliddin NORBЕKOV tayyorladi