Butun dunyoda millionlab odamlar xavfsizlik talablariga javob bermaydigan havodan nafas oladi. Harbin tibbiyot universiteti va Krenfild universiteti olimlari jamoasi ifloslantiruvchi moddalarning uzoq muddatli taʼsiri bilan depressiya xavfi oʻrtasidagi bogʻliqlikni aniqladi.
Jamoa Xitoyning salomatlik va pensiyaga chiqish boʻyicha uzoq muddatli tadqiqotida qatnashgan 12 000 dan ortiq ishtirokchining maʼlumotlarini tahlil qildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, oltingugurt dioksidi (SO₂) depressiya xavfini oshiruvchi asosiy omil boʻlib chiqdi. Havodagi qattiq mikrozarralar (PM2,5) va uglerod monooksidi (CO) ham kasallik belgilarining kuchayishiga olib keladi. Bu moddalarning birgalikdagi taʼsiri natijasida ularning salbiy oqibatlari yanada ortadi. Demak, atrof-muhitning kompleks ifloslanishi jiddiy xavf tugʻdiradi.
Mualliflar, shuningdek, ifloslangan havo depressiv holatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan mexanizmlarni ham aniqladi. Kognitiv buzilishlar va jismoniy holatning yomonlashuvi bu bogʻliqlikni qisman tushuntiradi.
Jamoat salomatligini yaxshilash uchun oltingugurt dioksidi va boshqa zaharli moddalar miqdorini maqsadli ravishda kamaytirish zarur. Bunday yondashuv nafaqat odamlarning jismoniy ahvolini yaxshilaydi, balki depressiya tarqalishini ham sezilarli darajada kamaytiradi. Bu ayniqsa aholining eng zaif qatlamlari, xususan, oʻrta yoshli va keksa insonlar orasida muhim ahamiyatga ega. Tahlil ekologik muammolar va ruhiy salomatlik oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni koʻrsatib bermoqda.