Italiyada bir million 295 ming nafar voyaga yetmagan bola mutlaq qashshoqlikda, bu umumiy bolalar sonining 13,8 foizini tashkil etadi, deya xabar bermoqda "Bolalarni asrang" tashkiloti o‘zining "Bolalik atlasi xavf ostida" nomli hisobotida.
Seshanba kuni taqdim etilgan hisobot 2023-yilda Italiya tug‘ilish bo‘yicha yangi anti-rekord qayd etishi fonida paydo bo‘ldi va unda mamlakatda ko‘p jihatdan, jumladan, ta’lim, oziq-ovqat va energiya muammolari bilan qashshoqlikda yashayotgan bolalarning tashvishli ahvoli yoritilgan.
Voyaga yetmaganlar bilan mutlaq qashshoqlikda yashayotgan oilalar soni deyarli 748 mingga yetgan, ular so‘nggi yillarda yosh bolalar uchun zarur bo‘lgan ba’zi mahsulotlar va xizmatlar narxining oshishi natijasida shunday ahvolda yashashga mahkum. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yildan 2023-yilga qadar sut va bolalar ovqati uchun sarf qilinadigan xarajatlar miqdori 19.1 foizga oshgan.
Shuningdek, so‘nggi 10 yil ichida chaqaloq tug‘ilishidan oldin shifokorga ko‘rinish, ultratovush tekshiruvi hamda tug‘ruq kiyimi narxi 37 foizga qimmatlashgan. Bola bir yoshga to‘lgunga qadar unga qilinadigan sarf-xarajatlar miqdori ko‘paygan, masalan, italiyalik oilalar eng arzon tagliklar uchun 552 yevro sarflaydi, bu 2021-yilgi taglik narxidan 11 foiz ko‘proq.
O‘rganishlar natijasida ta’lim xizmatlarida ham ijtimoiy tengsizlik mavjudligi aniqlangan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, italiyalik bolalarning uchdan bir qismidan kamrog‘i bog‘chalardan joy topa oladi xolos. Chunki bu turdagi xizmatlar narxi ham ko‘tarilgan, ayniqsa, xususiy sektorlardagi xizmatlar bahosi so‘nggi besh yil ichida 11.3 foizga oshgan.
Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish joizki, Kampaniya va Sitsiliya Italiyaning eng ko‘p bolalar yashaydigan hududlari hisoblanadi, shu bilan birga bolalarning ta’lim olish ko‘rsatkichi eng past hududlar ham aynan shular. Sababi bu yerlardagi bolalarning atigi o‘ndan bir qismigina davlat bog‘chalarida o‘qiy oladi.
Italiyada tug‘ilish kamayib, bolalar kambag‘allashib bormoqda
2023-yilda italiyalik bolalarning 8.5 foizi oziq-ovqat muammosiga duch kelgan, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 7.7 foizni tashkil qilgan. Tahlillarga ko‘ra, ko‘plab oilalar hatto har ikki kunning birida bo‘lsa ham proteinli mahsulotlarni xarid qilish imkoniyatiga ega emas. Har o‘ninchi bola esa nomukammal isitish tizimiga ega uylarda yashaydi va energiya muammosini boshdan kechiradi.
Hayotning dastlabki yillaridagi bunday qiyinchiliklar bolalarning salomatligi va farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va asoratlar hayotning keyingi yillarida ham ularni ta’qib qiladi. Bu esa qashshoqlikning avloddan avlodga o‘tishi hamda tug‘ilish ko‘rsatkichining pasayishiga zamin yaratadi.
2023-yilda Italiya jami 379 ming 890 ta tug‘ilish holati bilan denatallik bo‘yicha yangi rekord qayd etgan. "Bolalarni asrang" tashkilotining o‘tgan yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning 340 ta munitsipalitetida birorta ham bola tug‘ilmagan, 72 ta munitsipialitetda esa 3 yoshdan oshgan bolalar qayd etilmagan.
Hozirgi vaqtda ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar mamlakat aholisining atigi ikki foizini tashkil qiladi va bu ko‘rsatkich yanada yomonlashishi kutilmoqda. ISTAT 2050-yilga kelib voyaga yetmaganlar umumiy aholining atigi 13,5 foizini tashkil etishini taxmin qilmoqda, aslida, bu ko‘rsatkich hozir ham juda yaxshi emas, bugungi kunda ularning ulushi 15,3 ni tashkil qiladi.
Asliddin NORBЕKOV tayyorladi