Kanadaning Monreal va Sent-Jyustin universitetlari mutaxassislari televizor ko‘rish vaqtining uzayishi va ijtimoiy tarmoqlardan tez-tez foydalanish o‘smirlarda depressiya belgilarining rivojlanishi bilan bog‘liqligini aniqlagan. Olimlarning tadqiqotida qayd etilgan natijalar 2019-yilda JAMA Pediatrics jurnalida chop etilgan.
Olimlar bir necha yil davomida 12 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 4 ming nafarga yaqin kanadalik o‘smirlarning xatti-harakatlarini kuzatgan. Ko‘ngillilar tadqiqot mualliflariga televizor, ijtimoiy tarmoqlarda turli materiallarni tomosha qilish, shuningdek, video o‘yinlar o‘ynash va kompyuterdan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun sarflagan vaqtlari haqida muntazam ravishda hisobot berib turishgan.
O‘smirlar o‘zlarining psixologik holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni alohida so‘rovnomaga kiritgan. Ma’lumotni qayta ishlagandan so‘ng, ekspertlar ijtimoiy tarmoqlardagi kontentlarni va televizor tomosha qilish davomiyligini uzaytirish o‘smirlarda depressiya rivojlanishi bilan bevosita bog‘liq degan xulosaga kelishgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘smirlar ma’lum bir muddat davomida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va televizor tomosha qilish uchun tavsiya etilgan o‘rtacha me’yorni oshirgani haqida ma’lum qilishsa, ularning ruhiy holati mualliflar tomonidan chuqur tahlil qilingan va aynan o‘sha davrda ularda depressiya belgilari namoyon bo‘lishni boshlagani aniqlangan.
Shunday qilib, bolalarning ijtimoiy tarmoqlarga va televizorga sarflayotgan vaqtining uzayib borishiga mos ravishda depressiya belgilari ham kuchayishi kuzatilgan.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, depressiya belgilarining rivojlanishiga o‘smirlarning o‘zini o‘zi qadrlashini pasaytiradigan ijtimoiy taqqoslash modellarini targ‘ib qiluvchi ommaviy axborot vositalari ta’sir qilishi mumkin. Mualliflarning izohlashicha, matbuotda va ijtimoiy tarmoqlarda bolalar ko‘pincha jismoniy nuqsonlardan holi va hayajonli turmush tarziga ega bo‘lgan tengdoshlarining suratlarini ko‘rishadi, bu esa depressiya belgilari rivojlanishi uchun qo‘zg‘atuvchi yoki kuchaytiruvchi omilga aylanadi.
Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarga o‘rnatilgan algoritmlar foydalanuvchilarga depressiv holatni saqlab qolgan holda shunga o‘xshash mazmunga ega kontentlarni taklif qilishni davom ettiradi, deb hisoblashadi olimlar.
Asliddin NORBЕKOV tayyorladi