Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Namangan hamda Farg‘ona viloyatining tuman va shaharlarida joriy yilning 3-choragi yakunlari bo‘yicha Davlat rahbarining PF-6247-son Farmoniga asosan ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni e’lon qilib borilishi holati tahlil qilindi.
Jumladan, Namangan viloyatining Namangan, Uychi, Uchqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumani, Quvasoy hamda Marg‘ilon shaharlari hokimliklarining bu boradagi faoliyati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Ma’lumki, tuman va shahar hokimliklari tomonidan 12 turdagi ma’lumotlarni davriy ravishda ochiq e’lon qilib borilishi belgilangan.
O‘rganishlar davomida qator tuman va shahar hokimliklari tomonidan ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlashda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Xususan, hokimliklar tomonidan amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi yoki mahalliy budjetlarning har chorak yakunida shakllantiriladigan daromadlar va xarajatlar smetasi, rejadan orttirib bajarilgan qismi va mazkur mablag‘lar yo‘naltirilgan maqsadlar to‘g‘risidagi va boshqa qator muhim ma’lumotlar belgilangan tartibda e’lon qilinishi choralari ko‘rilmagan.
Natijada, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va qonunbuzilishlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarni javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan Namangan hamda Farg‘ona viloyatlari hokimliklariga tegishli ko‘rsatmalar berildi hamda 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborildi.