Sirdaryoda yo‘l transport hodisasi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv natijalarini haydovchining foydasiga hal qilib, sudga yuborishni, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirishni va avtomobilni jarima maydonchasidan chiqarib berishni va’da qilib, evaziga haydovchidan 400 AQSH dollarini talab qilgan inspektor sudlandi.
Bu haqda "Zo‘r TV" telekanalida efirga uzatilgan "Bu kun" loyihasida xabar berildi. Xabarda aytilishicha, haydovchi xodimning taklifiga rozi bo‘lmagan va o‘z vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan. Uning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimi o‘z xizmat xonasida 200 AQSH dollari miqdorida pul mablag‘larini pora sifatida olayotgan vaqtida dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan o‘tkazilgan sud majlisida ayblanuvchi o‘z nomida bir necha turdagi kredit qarzdorliklari mavjudligi va oilada yagona boquvchi ekanini inobatga olgan holda o‘ziga tayinlangan jazoni yengillashtirishni iltimos qilgan.
Sud esa sobiq inspektorni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topib, unga 3 yil muddatga ichki ishlar organlari tizimidagi har qanday lavozimda ishlash huquqidan va 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.