Mualliflar o‘tkazgan tajribada onalarga ular berishi kerak bo'lgan ko'rsatmalarning mutlaqo bir xil matnlari berilgan. 14-15 yoshdagi ming nafar test obyekti (486 nafar o'g'il va 514 nafar qiz) tasodifiy ravishda tanlanib, onaning o'smir bolalar uchun ko'rsatmalarni turli ohangda eshitadigan guruhlarga taqsimlangan. Ko'rsatmalar matnlari mutlaqo bir xil bo'lib, bir guruh uchun ular qo'llab-quvvatlovchi, do'stona ohangda, boshqasi uchun - neytral ohangda, uchinchisi uchun - qat’iy buyruq ohangida talaffuz qilingan.
Shundan so‘ng, o‘smirlar o‘rtasida onalari bergan ko‘rsatmalar ohangi va ko‘rsatmalardan keyin ular tuygan hislar haqida so‘rov o‘tkazilgan.
Natijalar shuni ko'rsatdiki, ona tomonidan tanlangan ovoz ohangi o'smirlarning hissiy holati va xatti-harakatlariga, shuningdek, ota-onaga bo'lgan shaxsiy munosabatiga sezilarli darajada ta'sir ko'rsatadi. Aksariyat hollarda onalari nazorat ohangida gapirgan o'g'il-qizlar ularga nisbatan salbiy munosabatni namoyish qilgan. Neytral ohang aytarli salbiy holatni keltirib chiqarmagan, ammo so'zlarning motivatsion salohiyati kam bo‘lgan. Shuningdek, o'smirlar odatda qo'llab-quvvatlovchi ohangda aytilgan iboralarga ijobiy javob qaytarishgan.
“Agar ota-onalar o‘z farzandlari bilan suhbat imkon qadar foydali bo‘lishini istasalar, qo‘llab-quvvatlovchi ovoz ohangidan foydalanishni unutmasliklari kerak. Ota-onalar buni esdan chiqarishi oson, ayniqsa, ular stress, charchoq yoki tashqi bosim ostida bo‘lsalar”, - deydi yetakchi muallif doktor Netta Vaynshteyn. Olimlarning ta'kidlashicha, yanada g'ayratli va baxtli o'smir ko'proq ishlashga intiladi va yaxshi natijalarga erishadi. Nazoratga asoslangan ko‘rsatmalar, hatto nazorat faqat ohangda ifodalangan bo'lsa ham, bosim tuyg'usini keltirib chiqaradi va odamni harakatga majburlashdek ko‘rinadi. Aksincha, "qo'llab-quvvatlash"ni ifodalovchi nutqlar bolalarga o'z tanlovlarini qilishga yordam beradi hamda rag'batlantiradi, bolalardagi stress va tashvishlarni kamaytiradi.
Bolalarga berilgan ko‘rsatmalar maktab hayotiga tegishli bo‘lgan, ammo mualliflar bu umumiy tendensiyaning alohida holati deb hisoblashadi. Tadqiqot hammuallifi, Esseks universiteti professori Silke Pohlmann shunday dedi: “Bu natijalar bizning ovozimiz naqadar muhimligini va barcha suhbatlarimizda to‘g‘ri muloqot ohangini tanlash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini yaqqol ko‘rsatib turibdi”.
Mualliflar hozirgi ma'lumotlarni to'ldirishi mumkin bo'lgan har xil turdagi ovoz ohanglariga fiziologik javoblarni ko'rsatadigan ko'proq tadqiqotlar o'tkazish niyatida. Ovoz ohangining ta'siri, masalan, yurak urishi yoki terining o'zgaruvchanligi hamda ularning qancha vaqt davom etishi bolalar parvarishi bo'yicha mutaxassislar tomonidan qo'llaniladigan ko'rsatmalar uchun muhimdir. Ota-onalar uchun imtiyozlardan tashqari, maktab o'qituvchilarini yaxshiroq tayyorlash uchun ma'lumotlar kerak, chunki ko'proq rag'batlantiruvchi tildan foydalanish o'quvchilarning ta'lim sifatiga ta'sir qilishi mumkin.
Asliddin NORBEKOV tayyorladi