Hisobot mualliflari 2023-yil uchun 193 mamlakat ma’lumotlarini tahlil qildi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, 1,25 million kishi sil kasalligidan, 320 ming kishi esa koronavirusdan vafot etgan.
2023-yilda 10,8 million kishi sil kasalligiga chalingan, bu bir yil avvalgidan (10,7 million) biroz ko‘p. Bu ko‘rsatkichining 56 foizi beshta mamlakatga to‘g‘ri keladi. Xususan Hindiston, Indoneziya, Xitoy, Filippin va Pokiston.
Sil kasalligi Mycobacterium tuberculosis patogen bakteriyasidan kelib chiqadi. Uni 85 foiz hollarda davolash mumkin. Ammo davolanmaslik 50 foiz holatgacha o‘limga olib kelishi mumkin.
«2030-yilgacha sil kasalligi epidemiyasini tugatish uchun shoshilinch choralar ko‘rish kerak», deydi ekspertlar.
Hisobotda, shuningdek, dunyoda sil kasalligidan o‘limlar soni asta-sekin kamayib borayotgani qayd etilgan.
Hozirda oltita yangi vaksinaning 3-bosqich klinik sinovlari davom etmoqda. JSST veb-saytining xabar berishicha, besh yil ichida davolash bo‘yicha yangi ko‘rsatmalar yoki dorilar e’lon qilinishi mumkin.