Indoneziyaning Sharqiy Nusa Tenggara provinsiyasida joylashgan Levotobi vulqoni payshanba kuni yana otilib, balandligi 5 ming metr bo‘lgan kul ustunini sochdi va aviatsiya uchun xavfning eng yuqori darajasi e’lon qilindi.
Bu haqda Indoneziyaning vulqon va geologik ofatlarga yordam berish markazi ma’lum qildi, deb yozadi Sinxua.
Vulqon mahalliy vaqt bilan 10:48 da sodir bo‘lgan. Kul kraterning g‘arbiy, janubi-g‘arbiy va shimoliga tarqalgan.
Vulqon observatoriyasi krater atrofida va 6000 metrdan past balandlikda parvozlarni taqiqlovchi "qizil" (eng baland) aviatsiya uchun xavfli kodni e’lon qildi.
Yakshanba kuni kechqurun Levotobi vulqoni otilib, 10 kishi halok bo‘ldi, 63 kishi jarohatlandi. 4000 dan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Issiq bulutlar va vulqon moddalari yuzlab uy va binolarni vayron qilib, mintaqada yong‘in xavfini yuzaga keltirdi.
Balandligi 1584 metr bo‘lgan Levotobi tog‘i Indoneziyadagi 127 ta faol vulqondan biridir. Tinch okeanining olov halqasida joylashgan mamlakat vulqon faolligiga moyil.