Bolalar onasidan nafaqat intellekt va aql bilan bog‘liq hislatlarni oladi, balki aksariyat qizlar aynan onalarining yordami tufayli hayotida katta muvaffaqiyatlarga erishishlari mumkin. Esseks universitetida tadqiqot olib borgan olimlar olti yil davomida 15 ming nafardan ortiq britaniyalik qizlarning hayotini kuzatgan, kuzatuv boshida qizlar 13-14 yoshda bo‘lishgan. Tadqiqot so‘nggida ota-onalarning katta umidlari farzandlarining orzu-intilishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va ular kelajakda ko‘proq muvaffaqiyatga erishishlari mumkinligini aniqlagan.
Darhaqiqat, ota-ona (odatda onasi) o‘z qizlarining ta’limi uchun qat’iy standartlarni o‘rnatsa, bu qizlar kollejga borishlari, yuqori maoshli ishlarni topishlari hamda o‘smirlik davridagi homiladorlik holatlaridan himoyalanishlari mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bolaga katta umidlar bildirilsa, uning umidlarni oqlashga moyilligi oshadi, agar biror nuqtada ota-ona umidlarni yo‘qotsa yoki farzandining mag‘lubiyatiga ko‘nsa, umidlar ta’sirchanligi yo‘qolishi va bolalar ulg‘ayganida muvaffaqiyatga erisha olmasliklari mumkin.
«O‘smirlik chog‘imizda ko‘p hollarda biz ota-onamiz emas, balki o‘zimizga yoqqan ishlarni qilganmiz, biroq ota-onamizning xohish-istaklariga qanchalik qarshilik qilmaylik, ularning munosabatlari va bizga bog‘lagan umidlari namoyishkorona bo‘lmasa ham, juda nozik tarzda o‘zimiz o‘ta shaxsiy deb hisoblagan tanlovlarimizga ta’sir ko‘rsatgan», — deydi tadqiqot olib borgan doktor Erika Raskon-Ramires.
Pediatriyadagi yana bir tadqiqot shunga o‘xshash natijalarni qayd etdi, garchi bu o‘rganish aynan onalar va qizlarga qaratilgan bo‘lmasa-da, unda tashqi omillar bolalarning muvaffaqiyat darajasiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tahlil qilgan. Tadqiqot bu tashqi omillardan biri — ota-otalarning umidlari ekanini aniqlagan. Maktabda yuqori ball olgan 96 foiz bolalarning ota-onalari farzandlarining oliy ma’lumotli bo‘lishlarini xohlagan, past ball olgan 57 foiz bitiruvchilarning ota-onalari esa ularning kollejda o‘qishlariga ishongan.
"Farzandlarining kelajagida kollejni ko‘rgan ota-onalar, ularning daromadlari va boshqa mol-mulkidan qat’i nazar, o‘z farzandlarini shu maqsad sari nazorat qilganga o‘xshardi", deb xulosa qildi tadqiqot hammuallifi Nil Halfon.
Shunday qilib, agar ota-onalar farzandining muvaffaqiyatidan umidlarini bolaga ma’lum qilsalar, bu kelajakdagi muvaffaqiyat uchun zamin yaratadi. Shu bois, onaning doimiy noroziligi o‘smirlarni, xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin, tarbiyalashning asosiy qoidalaridan biriga aylangan, deb yozadi “Salom, ota-ona!” kanali. Ammo buni haddan oshirmaslik kerak, chunki doimiy norozilik va qoidalarni o‘rnatish, ko‘rsatmalarni belgilash yoki qadriyatlarni o‘rgatish o‘rtasida farq bor. Doimiy norozi va g‘azablangan ota-onalar bilan bola muvaffaqiyatga erishishdan ko‘ra, xato qilish va hamma narsada muvaffaqiyatsizlikka uchrashga ishonch bilan o‘sadi.
Asliddin NORBЕKOV tayyorladi