Har doim barcha mamlakatlarda deyarli hamma o‘smirlar o‘zlarini baxtsiz, o‘zlaridan, kattalardan va butun dunyodan norozi his qilishadi. Biroq Yangi Zelandiya olimlari bunday kamolotning oldini olishga yordam beradigan usulni topishga muvaffaq bo‘lishdi va bu usulni «xotiralarni rivojlantirish» deb nomladi.
deti.mail.ru xizmatining yozishicha, bu usul, agar siz bolangiz bilan hayotda sodir bo‘ladigan hamma narsa haqida juda erta yoshdan gaplashsangiz, o‘smirlik og‘rig‘ining oldini olish mumkinligini nazarda tutadi. Yangi Zelandiyadagi tadqiqotchilar 14 yil davomida 93 nafar bolaning hissiy va aqliy rivojlanishini kuzatgan. Ulardan ba’zilarining onalari «xotiralarni rivojlantirish» texnikasini o‘rgangan va bolalar bir yarim yoshga to‘lganlarida undan foydalanishni boshlagan. 15 yoshida barcha o‘smirlar hayotlaridagi eng muhim voqealar, o‘zlari, kuchli va zaif tomonlari haqida gapirib berishgan.
Tadqiqot natijalari haqida
Ma’lum bo‘lishicha, onalar farzandlar bilan xotiralarini baham ko‘rganlarida ruhiy tushkunlik va tashvish belgilari kamroq bo‘lgan. Bu o‘smirlar boshqa tadqiqot ishtirokchilariga qaraganda o‘zlaridan va dunyodan ko‘proq mamnun bo‘lgan. Ular o‘z hayotlari haqida ko‘proq mantiqiy hamda izchil gapirgan. Burilish nuqtalari (ota-onalarning ajralishi yoki sinfdoshlar bilan nizolar) haqida gapirib, ular voqealarni chuqurroq tushunishlarini va ularga ta’sir qilish darajasini ko‘rsatgan. Muhim hayotiy daqiqalarni bunday anglash, o‘zini baxtli his qilish, qoniqish va inson qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga ishonchning kalitidir. Aynan shu tarzda hayot haqiqiy ma’noga ega bo‘ladi.
«Xotiralarni rivojlantirish» usulidan qanday foydalanish kerak?
Farzandingizning qiziqishini uyg‘otadigan voqealarni tanlang. Odatda bolalar o‘zlarini qiziqtirgan hamma narsaga o‘z-o‘zidan munosabatda bo‘lishadi. Masalan, agar siz bir hafta oldin siz va farzandingiz bo‘lgan chorvachilik fermasi yonidan o‘tsangiz va u hayvonlarga taqlid qila boshlasa, demak, bu u yerdagi voqealar unga qiziq degani, uning voqea va joyga bo‘lgan qiziqishi shunday namoyon bo‘ladi.
Xotirani “Nima?”, “Qayerda?”, “Kim?”, “Qachon?” degan savollar bilan mustahkamlang. Ularning har biriga javob berib, bola yangi xotiralar, yangi tafsilotlarni qo‘shadi. Har bir savoldan keyin bola javob haqida o‘ylashi uchun «pauza» qilishingiz kerak.
Farzandingizning javoblariga iliqlik va ishtiyoq bilan reaksiya bildiring. Bolani barcha javoblari uchun maqtash kerak. Shundan so‘ng, olingan javoblar bilan bog‘liq yangi savollarni bering. Masalan, «Kichik qo‘zichoqni ko‘rdingmi? Barakalla! U bilan nima qilding?» Agar bola javob bermasa, savolingizni yetakchi ma’lumotlar bilan to‘ldirishingiz kerak: «U bilan nima qilding?». Bir oz «pauza»dan so‘ng, siz so‘rashingiz mumkin: «Sen qo‘zichoqqa o‘t berdingmi?» Farzandingizning zerikishini oldini olishga harakat qiling, agar bola mavzuga qiziqishini yo‘qotsa, darhol suhbatni boshqa qiziqroq mavzuga buring.
O‘g‘lingiz yoki qizingiz o‘sib ulg‘aygan sayin, bu texnikani yanada jiddiy mavzulardagi suhbatlarga moslashtirish kerak.
Asliddin NORBЕKOV tayyorladi