Ijtimoiy tarmoqlarda ko'p vaqt o'tkazadigan to'qqiz yoshdan o'n yoshgacha bo'lgan bolalar juda ko'p ovqat yeyishni boshlaydilar, bu haqda San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti va boshqa tadqiqot markazlari tadqiqotchilari The International Journal of Eating Disorders jurnalida yozishgan.
Ular 2016–2019-yillarda kuzatilgan 11 mingdan ortiq bolaning xatti-harakatlarini tahlil qilgan. Bolalardan muntazam ravishda televizor tomosha qilish yoki ijtimoiy tarmoqlarda qancha vaqt sarflaganliklari, shuningdek, messenjerlarda kimdir bilan qancha vaqt suhbatlashishlari va hokazolar so'ralgan. Shu bilan birga, ota-onalardan farzandlarida qanday stress belgilari va xatti-harakatlarida noodatiy holatlarni payqashayotgani so'ralgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda sarflangan har bir soat kelgusi yilda bolaning ortiqcha ovqatlanish ehtimolini 62 foizga oshiradi. Bunda tadqiqotchilar doimiy ravishda ko‘p ovqatlanishni emas, balki qisqa muddat ichida haddan tashqari ko‘p ovqatlanishni nazarda tutgan. Maqolada bunday ovqatlanish tarzi uchun "binge-eating" atamasi qo‘llangan, bu atama spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish (binge-drink) va seriallarni uzoq tomosha qilishga (binge-watching) ham qo‘llanadi. Video tomosha qilish ham (xoh u film yoki serial, xoh "streaming" videolar bo‘lsin) ko‘p ovqatlanishga sabab bo‘lishi mumkin, ammo bu ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishdan farqli ravishda xavf ehtimolini 39 foizga oshiradi.
Buni boshqacha tarzda ham tushuntirish mumkin. Masalan, internetdagi videolarda yoki televizordagi film yoki ko‘rsatuvlarda mavjud oziq-ovqat reklamalari sizga ayni paytda nimadir yeyishingiz mumkin, degan hissiyotni taqdim qilishi mumkin. Shuningdek, biz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanayotganimizda yoki televizor tomosha qilayotganimizda keragidan ortiq ovqat yeyishimiz ehtimoli oshadi, chunki biz boshqa mashg‘ulot bilan bandmiz, bu paytda biz o‘zimizni nazorat qila olmaymiz. Lekin bu mashg‘ulot (ya’ni televizor tomosha qilish yoki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish) bizga idishdan biror yegulik olish va og‘zimizga solishga halal bermaydi, aksincha, bu borada nazoratni yo‘qotishimizga zamin yaratadi. Bundan tashqari, hozirda ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim materiallar foydalanuvchini depressiyaga tushirishini tasdiqlovchi ko‘plab tadqiqot natijalari mavjud. Depressiyaga sabab bo‘luvchi videomahsulotlardan ehtiyot bo‘lishimizga qaramay, bu holat bizni chetlab o‘tishi qiyin, ovqatlar esa bizga tushkunlikdan xalos bo‘lishga, hech bo‘lmasa, vaqtincha chalg‘ishga yordam beradi.
Garchi bunday qisqa vaqt davomida me’yoridan ortiq oziq-ovqat iste’moli doimiy bo‘lmasa ham, baribir bu diabet va yurak kasalliklari xavfini oshirishi mumkin. Kattalardagi ortiqcha ovqatlanish va ijtimoiy tarmoqlar o'rtasida bog'liqlik bor-yo'qligini bilish qiziq, chunki bu aloqa turli karantinlar va o'zini-o'zi izolyatsiya qilish sharoitida rivojlangan deb taxmin qilish mumkin.
Asliddin NORBEKOV tayyorladi