Farzandlarining o‘sishidagi har bir bosqichning qanday kechganini to‘liq baholay olgan ota-onalarning 75 foizi 13 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan paytni bolani tarbiyalash uchun eng qiyin davr sifatida “e’tirof etgan”.
Bundan tashqari, har uchinchi (32 foiz) ota-ona bu davrda o‘smir farzandi bilan yuz bergan voqealarga tayyor bo‘lmaganini tan olgan. Ular, shuningdek, farzandlarini tarbiyalashdagi qiyinchiliklarning asosiy sababi sifatida 15 yoshda sodir bo‘ladigan gormonal o‘zgarishlarni ko‘rsatgan.
Ota-onalarning fikriga ko‘ra, kayfiyat o‘zgarishi bilan kurashish o‘smirni tarbiyalashdagi eng qiyin vazifadir (35 foiz). Ikkinchi o'rinda unga muhim hayotiy tanlovlarni amalga oshirishda yordam berish (32 foiz) va ularning xato qilishlariga qo‘yib berish (31 foiz).
Har 10 ota-onadan 3 nafari farzandlariga imtihon tashvishlarini yengishda yordam berishda qiynalgan. Ota-onalarning uchdan ikki qismi esa farzandi maktab, imtihon yoki boshqa yuklamalarga bardosh bera olmaydigan darajaga yetganini aytgan. Ularning qariyb yarmi (47 foiz) bu muammolar o‘smirlarning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, deb hisoblashadi, 44 foiz ota-onalar esa o‘sha muammolar sabab bolalarning o‘ziga ishonch hissi pasaygan, deb hisoblaydi.
13 yoshdan 15 yoshgacha bo'lgan bolalar ko'proq ziddiyatli (37 foiz) yoki g'azablangan (36 foiz) va uxlashda muammolarga duch kelishgan (32 foiz).
"Yangi tug'ilgan chaqaloqni tarbiyalash bilan bog'liq stress haqida ko'p gapiriladi, lekin ko'pchilik uchun ularning o'g'illari va qizlarining o'smirlik yillari yanada qiyinroq bo'lishi hamda kutilmagan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin", — degan xulosaga kelishgan tadqiqotchilar.
“Bola o‘sayotgan paytda uning uyqu rejimi o'zgaradi, bu surunkali uyqusizlikka olib kelishi va uning konsentratsiyasiga ta'sir qilishi mumkin. Miyaning kamoloti ham balog'atga yetish va gormonal o'zgarishlarga to'g'ri keladi, shuning uchun ular "ijro etuvchi harakatlar" borasida - impulsiv xatti-harakatlarni ustuvorlashtirish, rejalashtirish, tashkil etishda nazoratga ega emas. Bu motivatsiyaning yetishmasligi, kayfiyatning o'zgarishi hamda ota-onalar va o'qituvchilar bilan ziddiyatlarga olib keladi", — deydi Professor, psixolog va The Harley Street Wellbeing Clinic asoschi-direktori Margareta Jeyms.
Asliddin NORBEKOV tayyorladi