Bu haqda juma kuni Tailand Tashqi ishlar vaziri Maris Sangiampxong ma’lum qildi.
“Isroil-Livan chegarasi yaqinidagi Metula shahri atrofida raketa hujumi oqibatida to‘rt nafar tailand ishchisi halok bo‘lgani va bir nafari yaralangani haqidagi xabar meni chuqur qayg‘uga soldi”, — deb yozdi Sangiampxong X ijtimoiy tarmog‘ida.
Tailand TIV rahbari mamlakatning Tel-Avivdagi elchixonasiga jarohatlanganlar va halok bo‘lganlarning oilalariga har tomonlama yordam ko‘rsatishni topshirganini qo‘shimcha qildi.
Isroil matbuoti xabarlariga ko‘ra, Metula mintaqaviy kengashi rahbari payshanba kuni kechqurun Livan raketa hujumi oqibatida besh kishi, jumladan, mahalliy fermer va to‘rt nafar fermadagi xorijlik ishchi halok bo‘lganini aytdi.
Tailand Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili HAMASning Isroilga qilgan hujumlarida halok bo‘lgan 1200 kishi orasida 46 nafar Tailand fuqarosi ham bor.
“Tailand uzoq davom etgan ushbu mojaro natijasida katta jabr ko‘rgan begunoh tinch aholi uchun barcha tomonlarni tinchlik yo‘liga qaytishga chaqirishda davom etmoqda”, — dedi Tailand Tashqi ishlar vaziri.