Unga ko'ra, haydovchi avtobusga "Ayollar oldinda, erkaklar orqada" yozuvi tushirilgan e'lonni joylashtiradi. Bu holat esa viloyat transport boshqarmasi tomonidan "nazoratga olinadi".
Ma'lum bo'lishicha, Navbog‘ — Pistamozor yo'nalishida harakatlanuvchi 22-sonli avtobus haydovchisi bilan suhbat o'tkazilgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarda aytilishicha, nafaqat ushbu e'lonni joylashtirgan avtobus haydovchisi, balki “Dilshodtransservis” korxonasi sha'feligi ostida bo'lgan boshqa avtobus haydovchilari bilan ham suhbatlar uyushtirilib, barcha xodimlarga o‘zini tutish qoidalari, jumladan, yo‘lovchilarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, jamoat transporti talablariga qat’iy rioya qilish kabi qoidalar tushuntirilgan.
Ayollarni old eshikdan, erkaklarni orqa eshikdan chiqishini so'ragan haydovchiga esa intizomiy jazo qo'llanilgan.
Ijtimoiy tarmoqlardagi ko'plab foydalanuvchilar ayollarga nisbatan zo'ravonlik yoki shilqimlik holatlarini oldini olish uchun jamoat transportlarida ayollar va erkaklarning alohida harakatlanishi yuzasidan takliflarni tinimsiz ilgari surishadi. Biroq Samarqanddagi mas'ullar boshqacha fikda chog'i, bu kabi tashabbus bilan chiqqan haydovchining "tanobini tortib qo'yishibdi".
Aslida samarqandliklar yaxshi bilishadi: avtobusga bu yozuv yozilsa ham, yozilmasa ham erkaklar orqa tomonda, ayollar esa old tomonda yurishadi. Qo'qonda ham shunday. Bu jamoatchilik nazorati yoki boshqacha aytganda yozilmagan qoida.
2023-yil aprelida Toshkentda ham shunga o'xshash voqea sodir bo'lgan va o'shanda ham shahar jamoat transporti mas'ullari salondagi yozuvni "tezkorlik bilan olib tashlagan", avtosaroy xodimlari bilan esa tushuntirish ishlari olib borgandi.
Bu to'g'ri yoki noto'g'ri deyishdan yiroqmiz. Avtobusda va umuman jamoat transportlarida ayollarga nisbatan nojo'ya harakatlarga qarshi turish nuqtayi nazaridan bu eng to'g'ri tanlovlardan biri. Ammo boshqa tomondan dunyoviy davlatda jins ajratish ayollarning huquqini mensimaslik deb baholanishi ham mumkin.
Aslida, avtobus yoki metroning muayyan eshiklari ayni bir jins vakillari uchun ajratilishi kimningdir huquqlarini cheklash yoki ayirmachilik emas. Buni avtobus haydovchisi yoki mutasaddilar aytmasa ham, jamoatchilikning o'zi yo'lga qo'yishi mumkin. Faqat ana shu jamoatchilik vakili bo'lgan avtobus haydovchisining tashabbusiga mas'ul idoralarning qarshi turishi biroz o'ylantiradigan masala. Tanganing ikki tomoni bo'lganidek, bu masalada ham ikki tomonning o'z haqiqati bor.
Mas'ullar "avtobus jamoatniki, haydovchi unga xohlaganicha e'lon joylashtirish yoki shaxsiy qarashlari asosida qoidalar belgilashga haqli emas" deyishi mumkin. Haydovchi esa "bu orqali kimningdir huquqlarini cheklashni emas, aksincha, ayollarga nisbatan nojo'ya harakatlar qilinishining oldini olishni maqsad qilganman" degan sababni keltiradi.
Jahon tajribasiga qaralsa, Pokistonda ayollar va erkaklar metro hamda avtobuslarda alohida harakatlanishadi. Bu orqali mamlakatning transport tizimi izdan chiqib ketmagan yoki ayollarning huquqi toptalyapti deb hech kim e'tiroz bildirmagan. Chunki bu norma huquqni cheklashdan ko'ra ko'proq huquqni muhofaza qilishga xizmat qiladi. Faqat buni odamlar va hukumat tushunishi, to'g'ri qabul qilishi kerak xolos.
Sherali Soliyev