“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq Davlat byudjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, deyiladi byudjetnoma loyihasida.
2025-2026 o‘quv yilidan boshlab 2-11 sinf o‘quvchilari uchun darslik va mashq daftarlari to‘plami uchun ijara to‘lovi undirish tizimi qayta yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Bir to‘plam uchun 80 ming so‘m, ya’ni uning narxining 16−18 foizini tashkil etadigan miqdorda to‘lov joriy etishni taklif qilmoqda. Bu orqali yig‘ilgan 376,6 millard so‘m mablag‘ har yili o‘quvchilarni mashq daftarlari bilan ta’minlash xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltiriladi.
Otabek Bakirovning shaxsiy sahifasidagi xabariga ko'ra, kelgusi yildan darsliklar uchun ijara to'lovlari qayta tiklanishi mumkin. Bu to'lovlar ikki yil avval "bepul" deb e’lon qilingan edi. Biroq endilikda darsliklar ijarasini qayta joriy qilish orqali 376,6 milliard so'm mablag‘ tejash mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, byudjetda yangi xarajatlar paydo bo'lganiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu xarajatlar orasida ijtimoiy qo'llab-quvvatlash va ta’lim sohasidagi loyihalar ham bor.
Masalan:
"Nuroniy" jamg‘armasi mablag‘lari — kambag‘allikni kamaytirish dasturiga 504 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
Umumta’lim maktablarida to‘garaklar tashkil etish — kambag‘al oilalarning farzandlarini jalb qilish uchun 500 milliard so‘m ajratilgan.
Aholi o‘rtasida futbolni targ‘ib qilish — ko‘chma televizion stansiya xarid qilish uchun 108 milliard so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida Face ID texnologiyasini joriy etish — bu texnologiyani o‘rnatish uchun 64,6 milliard so‘m kerak bo‘ladi.
"Tirik tarix" dasturi doirasida filmlar yaratish — bu loyiha uchun 50 milliard so‘m ajratilgan.
Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi turlarni saqlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya — Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbir uchun 20 milliard so‘m kerak.
Kasb-hunar olimpiadalari tashkil etish — yoshlarni oshpazlik, konditerlik, stilistlik va boshqa sohalarga jalb etish uchun har yili olimpiadalar o'tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tadbirlar uchun 10 milliard so‘m ajratilishi va g‘oliblar uchun ustaxonalar qurilishi mo‘ljallangan.
Xalqaro "O‘zbekiston ipak matolari" moda haftaligi — mukofot jamg‘armasi 2 million AQSH dollariga teng bo‘lgan moda haftaligi o‘tkazilishi uchun 10 milliard so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Bu xarajatlar 2025-yilgi davlat byudjeti doirasida amalga oshirilishi mo‘ljallangan va ularning qamrovi keng ijtimoiy loyihalarni o‘z ichiga oladi.
Biroq, ushbu taklif ota-onalarning farzandlariga nisbatan mas’uliyatini oshirishni va ta'lim jarayonida ularning ishtirokini faollashtirishni ko‘zda tutsa-da, bu jarayon ko‘plab savollar va tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda bir o‘quvchi uchun bitta darslik va ish daftarlarining o‘rtacha narxi 450−500 ming so‘mni tashkil etgan. O‘tgan yillarda yangi darsliklarning chop etilishi uchun xarajatlar oshishi natijasida, darsliklar ijarasi to‘lovlari ko‘paydi. 2022-2023 o‘quv yili uchun o‘rtacha bir dona darslik uchun ijara to‘lovi 5 707 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida bu miqdor 2 967 so‘mga oshgan.
Biroq, darsliklar va mashq daftarlarini ijara asosida berish Konstitutsiyaga zid. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida "Davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlaydii", deb belgilangan. Bu, o‘z navbatida, darsliklar bilan o‘quvchilarni ta’minlash ham davlatning mas’uliyatidir degan fikrni kelib chiqaradi.
Shu bilan birga, yangi tizimning joriy etilishi ota-onalar mas'uliyatini oshirishi kutilsa-da, ko‘plab ota-onalar va ta'lim mutaxassislari bu taklifga qarshi chiqmoqda. Ota-onalar darsliklar uchun ijara to‘lovini to‘lashda moliyaviy jihatdan qiyinchilikka duch kelmoqdalar. Davlat maktablarida darsliklarni pullik ijaraga qaytarish fikri, keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinmoqda.
Aynan shu tufayli ham 2022-yil maktab darsliklari va mashq daftarlarining ijara to‘lovlari miqdorlari keskin oshirilishi munosabati bilan keng jamoatchilik, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar yuzasidan Prezidentga axborot berilgan.
“Maktab darsliklari bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishida favqulodda muhim o‘rin tutishini hisobga olib hamda maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalarini, qonuniy vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida davlat rahbari Vazirlar Mahkamasi va Xalq ta’limi vazirligiga maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi”, degan edi Prezident Matbuot kotibi.
Xulosa qilib aytganda, maktab darsliklari uchun ijara to‘lovlarini qayta tiklash taklifi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Davlat tomonidan ta'lim jarayonini qamrab olishda yanada mas'uliyatli yondashuvni talab qilmoqda. Ta'lim olishda ijtimoiy adolatni ta'minlash va ota-onalarning farzandlariga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish o‘rniga, maktab darsliklari ijarasi taklifi, bir qator tanqidlar va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu masalada muvozanatni topish va ta'lim tizimini takomillashtirishda davlatning roli alohida ahamiyatga ega. Har qanday yangilik, avvalambor, jamiyat ehtiyojlariga mos kelishi va ta'lim sifatini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Dilmurod TILOVOV