OFAC tomonidan Rossiya harbiy-sanoat kompleksini rivojlantirish bilan bog‘liq 275 ga yaqin shaxs va tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar
kiritilgan. "Qora ro‘yxat"ga Rossiya Mudofaa vazirining besh o‘rinbosari (Anna Sivilyova, Aleksandr Fomin, Pavel Fradkov, Viktor Goremikin, Andrey Buliga), umumiy hisobda 400 ga yaqin jismoniy va yuridik shaxslar kiritilgan.
Cheklovlar Xitoy, Shveysariya, Turkiya, BAA va Hindistondan kelgan xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslarga ham tegishli hisoblanadi.
Sanksiya uchragan kompaniyalar orasida Uzstanex va The Elite Investment Group deb ataluvchi O‘zbekistonning ikki kompaniyasi ham keltirilgan.
Savdo tashkilotlarining yagona davlat reyestriga ko‘ra, Uzstanex 2018 yil iyul oyida ro‘yxatdan o‘tgan va mexanik dastgohlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Toshkent shahrining Yashnobod tumanida joylashgan kompaniyaning ustav fondi 65 million so‘mni tashkil etadi. Firmaning yagona ta’sischisi – Vasiliy Vitalevich Abramov, uning direktori – Dmitriy Aleksandrovich Boysov.
The Elite Investment Group 2024 yil yanvar oyida ulgurji nomutaxassis savdo uchun tashkil etilgan. Ustav fondi 3 million so‘m bo‘lgan kompaniya Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida joylashgan. Uning asoschisi va direktori – Nodira Abdusattorovna Qozoqboyeva.
AQSH Davlat departamentiga ko‘ra, The Elite Investment Group 2024 yilning mart oyidan may oyiga qadar Rossiya kompaniyalariga, shu jumladan, AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan va Rossiyada joylashgan GTS Group kompaniyasiga yuqori ustuvorlikdagi tovarlarning umumiy ro‘yxatidan (CHPL) taxminan 190 ming dollarlik mahsulotlar, shu jumladan, Turkiyaning Guclu Global kompaniyasidan agent-tashuvchi sifatida foydalangan holda elektr transformatorlarini yetkazib bergan.