Ijtimoiy tarmoqlarda 3 yoshli bola onasining jazmani tomonidan o‘ldirilgani va ayblanuvchiga nisbatan umrbod qamoq jazosi qo‘llanilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xabarlarda Toshkentda eridan ajrashgan ayol o‘z jazmani bilan birga giyohvand moddalar iste’mol qilgani va sarxushlik natijasida ular o‘rtasida janjal kelib chiqqani, shuningdek, erkak o‘z alamini ayolning 3 yashar o‘g‘lidan olib, unga 12 marta pichoq urgani va natijada go‘dak halok bo‘lgani aytilgan.
Xabarda, shuningdek, gumonlanuvchi hibsga olingani va u umrbod qamoq jazosiga hukm qilingani qo‘shimcha qilingan. Biroq bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsiddinov ayblanuvchining umrbodga qamalgani haqidagi xabarni rad etdi.
Prokuratura rasmiysining aytishicha, ayblanuvchiga o‘qilgan hukm haqidagi xabarlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
"Tergov natijasiga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97 (Qasddan odam o‘ldirish) va boshqa moddalar bilan ayblov e’lon qilinib, 23 oktyabr kuni jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborildi", — deydi bosh prokurorning matbuot kotibi.