Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani va havo hududining bir qismi yopilganligi sababli bugun ertalab bir nechta aviakompaniya samolyotlari o‘z yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi.
Hususan:
Toshkent – Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha J9-1650 reysi soat 04:50 da uchib Toshkent aeroportiga qaytdi – samolyot mahalliy vaqt bilan soat 07:06 da jo‘nash aeroportiga qo‘ndi.
“Fly Dubai” aviakompaniyasining Dushanbe – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-778 reysi ekipaji Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qildi.
“Fly Dubai” aviakompaniyasining Toshkent – Dubay yo‘nalishi bo‘yicha FZ-1942 reysi ham soat 04:58da havoga ko‘tarilib, 06:58 da Ashxoboddagi muqobil aerodromga qo‘ndi.
“Centrum Air” aviakompaniyasining Jidda – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha C6-702 reysi ham xuddi shu sabab bilan Ar-riyoddagi muqobil aerodromga qo‘ndi.
Shuningdek, Madina – Farg‘ona yo‘nalishi bo‘yicha C6-3336 reysi ham Toshkent vaqti bilan soat 08:17 da Al-Maktum (Dubay) aeroportiga qo‘ndi.
Qolaversa, marshruti Eron havo hududi orqali amalga oshiriladigan bir qator reyslar O‘zbekiston shaharlaridan kechikish bilan uchib ketdi.