14-11-2025 10:21

“Biz boshqalar kabi uyda o‘tirgan edik, to‘satdan ustimizga o‘qlar, samolyot va dronlar yog‘ila boshladi”, dedi jabrlanuvchi qiz.
Qizning tirikligini morgвa o‘g‘lini qidirayotgan erkak payqagan. U o‘likxonada qizning barmoqlari harakatlanayotganini ko‘rgan.
“Men ikki hafta komada bo‘ldim va uyg‘onganimda, uydagilar meni o‘likxona muzlatgichiga qo‘yishganini aytishdi”, dedi u.
Al-Assarning ikki singlisi 2024-yil 8-iyundagi hujumda halok bo‘lgan, uning boshqa oila a’zolari ham urush oqibatida jarohatlangan.
“Butun oilam jarohat oldi, ikki singlim shahid bo‘ldi. Katta opamning ahvoli menikidan yomonroq. Uning bir ko‘zi ko‘rmaydi, kuyishlar, chuqur yaralar va oshqozon bilan bog‘liq muammolar bor”, dedi al-Assar.
Uning hikoyasi BMT ekspertlari “genotsid” deb atagan Isroilning G‘azoga qarshi urushidan kelib chiqayotgan ko‘plab voqealardan biridir. Tashkilotning Bolalar jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning qirg‘oqbo‘yi Falastin hududiga hujumlari oqibatida 64 mingga yaqin bola “halok bo‘lgan yoki mayib bo‘lgan”.
Isroilning G‘azoga qarshi urushi 2023-yil oktyabr oyidan beri kamida 69 187 falastinlikning halok bo‘lishiga va 170 703 nafarining yaralanishiga olib kelgan. Al-Assarning otasi Muhammad uning uyiga hujum qilinganida ishda edi. Qarindoshi qo‘ng‘iroq qilib, voqeani aytib bergan.
“Uyimga hujum qilingani haqida xabar keldi. Uyda emas, ishda edim. Nima bo‘lganini bilish uchun ishdan shifoxonaga shoshildim. So‘ng vayronalar ostidan al-Assarni qidirish uchun uyga bordik. Uning daragini topmadik”, dedi u.
Qizini topgach, Muhammad hujum uning ruhiy holatini butunlay o‘zgartirib yuborganini sezgan.
“Bu hodisa uning ruhiyatini o‘zgartirib yubordi, u boshqa odam bo‘lib qoldi. Ba’zan ko‘chada ketayotib hushidan ketib, yiqilib qoladi”, deydi u.
Al-Assarning Al Jazeera telekanaliga aytishicha, u hujum kunini har safar eslaganda qo‘rqinchli tushlar va xavotirdan aziyat chekadi.
“Men eslashni yoqtirmayman, urush ovozlarini eshitishni istamayman va xotiralarni eslatuvchi narsalardan qochaman. Portlash yoki samolyot ovozini eshitsam, qo‘rqaman”, deydi u.
Isroilning G‘azo bo‘ylab ikki yillik bombardimonlari ko‘plab sog‘liqni saqlash muassasalarini vayron qildi va yuzlab shifokorlarni o‘ldirdi. O‘tgan oyda HAMAS va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga kelishgan bo‘lsa-da, Isroil anklavga hujumlarni davom ettirmoqda va 10-oktyabrda sulh boshlanganidan beri kamida 260 kishi halok bo‘lgan.
