Endilikda ro‘yxatdan o‘tmasdan sun’iy intellekt qidiruv tizimidan tekin foydalanishi mumkin.
“OpenAI” “ChatGPT” qidiruv tizimini barcha foydalanuvchilar uchun ochiq qildi. Bu haqda kompaniya “X” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
“ChatGPT'da qidiruv endi barcha uchun mavjud, ro‘yxatdan o‘tish shart emas,” — deyiladi kompaniya xabarida.
“The Verge” xabariga ko‘ra, yangi funksiya bilan “ChatGPT” suhbat-boti internetdan ma’lumot izlashi va foydalanuvchiga javobni shakllantirishda foydalangan manbalar ro‘yxatini taqdim etishi mumkin bo‘ladi.
Qayd etilishicha, kompaniya “ChatGPT Plus” pulli versiyasini qoldiradi va u orqali daromad olishni davom ettirishadi.
“OpenAI” o‘zining ilk qidiruv tizimini 2024-yil oktabr oyida ishga tushirdi. Dastlab u faqat pullik foydalanuvchilarga taqdim etilgan bo‘lsa-da, dekabr oyiga kelib barcha ro‘yxatdan o‘tgan “ChatGPT” foydalanuvchilari uchun ham foydalanish imkoniyati yaratildi.
“OpenAI” kompaniyasi o‘z qidiruv tizimini “Google” va “Bing"ga raqobatchi qilishni maqsad qilgan.