28-oktyabr kuni soat 11:00 da esa Markaziy saylov komissiyasi Raisi ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazilib, saylov natijalari eʼlon qilindi. Ushbu matbuot anjumanida MSK raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev saylov yakunlari boʻyicha maʼlumotlarni oʻqib eshittirar ekan, “davlat hokimiyati vakillik organlariga oʻtkazilgan saylovlar boʻyicha saylovga doir qonunchilik talablari qoʻpol ravishda buzilganlik holatlari haqida xabar va shikoyatlar kelib tushmagani” toʻgʻrisida axborot berdi.
Biroq bugun Oliy sud portali Fargʻonada 38 yoshli ayol oʻqituvchi saylovda komissiya aʼzosi sifatida ishlagani va saylov qonunchiligini buzgani sabab jazolangani haqida xabar berdi.
Unga koʻra, huquqbuzar ayol 2024-yil 26-avgustdagi qarorga muvofiq, 541-saylov uchastkasida saylov komissiyasi aʼzosi sifatida roʻyxatdan oʻtgan. 2024-yil 27-oktyabrda oʻtkazilayotgan saylovda, M. Abdullayeva boshqa shaxslar nomidan fuqaro M. Murodovga 4 tadan ortiq saylov byulletenlarini berib, saylov qonunchiligini buzgan.
M.A. sudda oʻz harakatlari bilan tan olib, pushaymon boʻlgani haqida koʻrsatma berdi. Sud, M.A. tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlikni MJtKning 51-10-moddasi bilan malakalash toʻgʻrisida xulosa qilgan va uni maʼmuriy jazoga tortish zarurligini belgilagan.
Sud qarori bilan M A. BHMning bir baravari 375 ming soʻm miqdorida jarimaga tortilgan.
Bundan kelib chiqadiki, MSK raisi bu kabi qonunbuzilish holatlarini saylovga doir qonunchilik talablarining qoʻpol ravishda buzilishi deb baholamagan yoki mazkur ish Zayniddin Nizomxoʻjayev raislik qilayotgan tashkilotgacha yetib bormagan.
Bir tomondan qaraganda oʻqituvchining bu harakatlari kichik bir xato yoki muammo sifatida koʻrilishi mumkin. Aynan uning qonunbuzarligi oqibatida qaysidir partiya yoki nomzodning natijalari keskin oʻzgarib ketmagandir, ehtimol. Ammo qonun buzilgani bu fakt. Uning ijtimoiy ahamiyati va oqibatlari jiddiyroq boʻlishi ham mumkin. Bundan tashqari, MSK Dangʻaradagi holatni payqamagan, bexabar qolgan yoki “qoʻpol huquqbuzarlik” deb baholamagan boʻlsa, demak, shu va shu kabi qonunbuzilish holatlari yana boshqa uchastkalarida ham sodir etilgan boʻlishi mumkin degan tushuncha shakllanadi.
Jamiyatga maʼlum boʻlgani esa qonunda har bir fuqaro faqatgina bitta ovozga ega ekanligi, bir shaxs har qanday holatda ham boshqalar uchun ovoz berishga haqli emasligi belgilangan. Saylovlarning adolatli va shaffof oʻtishi uchun javobgar tashkilot bu vaziyatni qanday baholagani esa boshqa mavzu. Hozirda saylovlar oʻtgani, nomzodlarning saylangani va partiyalarning parlamentdagi taqsimoti aniq boʻlgani fakt boʻlib turibdi. Oʻtgan ish oʻtdi, bizni oʻylantiradigan masala esa qanday holatda yutib chiqqan boʻlsa ham, saylangan deputatlar xalq uchun xizmat qilib, oldinda turgan 5 yillikni yorugʻ yuz bilan oʻtkazadimi yoki yoʻq? Buni eng adolatli hakam — vaqt koʻrsatadi.