07-08-2025 05:28

AQSH prezidenti Donald Tramp Hindistondan olib kiriladigan barcha tovarlarga 25 foizlik qo‘shimcha boj joriy etuvchi farmonni imzoladi. Bu haqda 6-avgust kuni Oq uy rasmiy saytida xabar berildi. Qarorga ko‘ra, boj Rossiya Federatsiyasidan neft olayotgan mamlakatlarga nisbatan tahdid sifatida qabul qilinmoqda.
Oq uy bayonotida ta’kidlanishicha, Hindiston to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita Rossiyadan neft import qilishi AQSH tashqi siyosati va milliy xavfsizligiga zid. Shu bois Tramp import tovarlariga advalor (taxminan tovar bojxona qiymatiga mutanosib) boj joriy etishni ma’qul topdi. Boj 21 kundan so‘ng kuchga kiradi.
Avvalroq, 31 iyul kuni ham Tramp Hindistondan importga 25 foizlik boj joriy etishni ma’qullagan va bu qaror 7-avgustdan kuchga kirishi belgilangan edi. Bu jarayon davomida Hindistonning to‘rtta yirik davlatga qarashli neftni qayta ishlash zavodi Rossiyadan neft xaridini vaqtincha to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo keyinchalik mamlakatning Rossiya neftini xarid qilishni davom ettirishi aniq bo‘ldi.
Tramp ma’muriyati Hindistondagi bu vaziyatni Rossiyaga moliyaviy yordam deb baholamoqda. AQSHning yuqori lavozimli vakili Stiven Miller ta’kidlashicha, Hindiston bu harakati orqali Rossiyaning Ukrainadagi urushini moliyalashtirmoqda. Unga ko‘ra, Hindiston Rossiya neftini xarid qilishda Xitoyga yetib olgan.
Mazkur sanksiya fonida 6-avgust kuni AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Moskvada beshinchi marta uchrashdi. Ular 2025-yilda avvalroq — 11 fevral, 13-mart, 11 aprel va 25-aprelda ham muzokaralar o‘tkazgandi.
14 iyul kuni Tramp NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda, agar 50 kun ichida Ukraina bo‘yicha tinchlik bitimiga erishilmasa, Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan 100 foizlik bojlar qo‘llanilishini aytgan edi. Keyinroq u ushbu muddatni 10 kungacha qisqartirdi.
