28-10-2025 13:25

Janubiy Koreya politsiyasi 29 yoshli O‘zbekiston fuqarosini terrorizmni moliyalashtirishda gumonlab hibsga oldi. Bu haqda The Chosun Daily nashri xabar berdi.
U 16 oktyabr kuni Anseong shahridagi yotoqxonada qo‘lga olingan. Hibsga olish jarayonlari Koreya Milliy razvedka xizmati va AQSH Federal qidiruv byurosi (FBI) hamkorligida amalga oshirilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik erkak «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi va «Terrorchilik mablag‘larini taqiqlash to‘g‘risida»gi qonunlarni buzganlikda gumonlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u sakkizta ijtimoiy tarmoqda, jumladan Instagram orqali «Alloh yo‘lida jihod, muqaddas urushni birgalikda olib boraylik» kabi ko‘plab ekstremistik g‘oyalarini targ‘ib qilgan.
U ijtimoiy tarmoqlar orqali Afrikada quduq qazish loyihalariga e’tibor qaratuvchi xayriya tashkilotini qo‘llab-quvvatlash bahonasida taxminan 620 ming USDT (952 mln von) to‘plagan. Pulning bir qismi BMT tomonidan terrorchi deb tan olingan «Hamas» va «Katiba tavhid val-jihod» guruhlariga o‘tkazilgani aniqlangan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, «Hamas»ga o‘tkazilgan mablag‘ning aniq miqdorini bilib bo‘lmaydi va u bundan ham ko‘p mablag‘ yuborgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, u xayriya mablag‘larini jalb qilish uchun ichki va xalqaro bank hisoblari hamda kredit karta to‘lovlari havolalarini ulashgan.
Shuningdek, u Geonggi mintaqasida o‘z vatandoshlarini jalb qilish uchun futbol klubi tashkil etgan va u orqali ham mablag‘ yiqqan. Bu mablag‘larning miqdori aniqlanmagan. Hozirda politsiya uning boshqa sheriklari va qo‘shimcha mablag‘ manbalarini o‘rganmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2018 yilda talabalik vizasi bilan Koreyaga kirgan, ammo o‘qishni tashlab ketgan. 2023 yildan buyon u qochqin maqomini so‘rab 11 marta ariza bergan, ammo barchasi rad etilgan.
Erkak avval ham O‘zbekistonda terrorchilik mablag‘larini moliyalashtirishda ayblanib, mahalliy qidiruvda bo‘lgan. O‘zbekiston elchixonasi uning pasportini bekor qilib, Koreya politsiyasidan uni hibsga olishni so‘ragan.O‘zbekiston elchixonasi uning pasportini bekor qilib, Koreya politsiyasidan hibsga olishni so‘ragan.
