02-09-2025 07:15
Rossiya hukumatining ma’lum qilishicha, 2025/2026 o‘quv yilida mamlakat maktablarida 17,7 million o‘quvchi ta’limni boshlaydi. Ularning 1,5 millionga yaqini — ilk marta maktab ostonasini hatlab o‘tadigan bolalar. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi 1,8 million va 2023-yildagi 2 millionga yaqin raqamlar bilan solishtirilganda, ikki yilda 25 foizlik keskin pasayishni anglatadi.
Masalan, 1997/1998 o‘quv yilida Rossiyada maktablarga 22 mlnta o‘quvchi qatnagan. 2000-yilda Rossiyada 69 mingta maktab faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugunga kelib ularning soni 40 mingtaga tushib qolgan.
Muttaxassislar bunday qisqarishni Rossiyadagi chuqur demografik inqiroz bilan bog‘lashmoqda. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil may oyiga kelib, mamlakatda umumiy tug‘ilish koeffitsiyenti har bir ayolga 1,376 bolani tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2006-yildan beri kuzatilgan eng past daraja hisoblanadi.
Sovet ittifoqi parchalangan davrlarda — 1991-yilda tug‘ilish koeffitsiyenti 1,73 ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1999-yilda 1,16 gacha tushgan. Keyingi yillarda ma’lum darajada ko‘tarilgan bu ko‘rsatkich 2015-yilda 1,76 ni tashkil etdi. Biroq Qrim anneksiyasidan so‘ng, tug‘ilish yana pasayib bordi va 2021-yilga kelib 1,47 gacha tushdi.
2024-yilda Rossiyada 1,222 million chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lib, bu 1999-yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. 2025-yilning birinchi choragida esa bu raqam yana 4 foizga kamaygan — atigi 288,8 ming bola tug‘ilgan. Demograf Aleksey Rakshaning ta’kidlashicha, bu antirekord XVIII–XIX asrlardan buyongi eng yomon natijalardan biri hisoblanadi.
Mutaxassislar ta’lim sohasi bu demografik o‘zgarishlardan allaqachon ta’sirlana boshlaganini qayd etmoqda. Yaqin kelajakda sinflardagi bolalar soni, o‘qituvchilarga bo‘lgan talab va butun ta’lim tizimidagi yuklamalar sezilarli darajada o‘zgarishi mumkin.