23-10-2025 07:54

Rossiyada Telegram messenjeri Yangi yilgacha to‘liq bloklanishi mumkin. Bu haqda «Dojd» telekanaliga ma’lum qilgan telekom sohasi vakillari bildirgan. Ularga ko‘ra, mamlakatdagi eng ommabop messenjer — 100 mln foydalanuvchiga ega Telegram dekabr–yanvar oylarida faoliyat ko‘rsatmay qolishi mumkin.
22 oktyabr kuni Roskomnadzor rasman Telegram va WhatsApp xizmatlarini cheklash boshlanganini ma’lum qildi. Vedomstvo bu qarorni «jinoyatchilarga qarshi kurashish» va «fuqarolarning ko‘plab murojaatlari» asosida qabul qilganini aytdi. Ma’lumotga ko‘ra, har ikki messenjer Rossiya hukumatining talablarini inobatga olmagan.
«Internetni himoya qilish jamiyati» rahbari Mixail Klimaryov bu jarayonni «YouTube bilan bo‘lgan vaziyatning takrori» deb atadi. Uning fikricha, Telegram dekabr yoki yanvarda to‘liq bloklanadi. Unga ko‘ra, Rossiya bo‘ylab har ikki messenjerning faoliyati ikki barobar pasaygan, Signal xizmati ham muammolarni boshdan kechirmoqda.
20 oktyabr kuni Rossiyaning janubiy hududlarida messenjer orqali yozishma va qo‘ng‘iroqlar yo‘qolishi haqida ilk shikoyatlar kelib tushgan. Keyin bloklash Ural va markaziy hududlarga ham yoyilgan. 22 oktyabrga kelib, cheklovlar 34 ta sub’ektda qayd etilgan.
Klimaryovning ta’kidlashicha, hukumat messenjerlarni bosqichma-bosqich «bo‘g‘ish» taktikasiga o‘tgan — avval statsionar operatorlarda, keyin mobil aloqalarda.
Human Rights Watch tadqiqotchisi Anastasiya Krupe esa bu jarayonni Kreml internet ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish harakati deb baholagan. Uning fikricha, Rossiya internetni ichki izolyatsiyada ham mustaqil boshqarishni maqsad qilgan.
