27-10-2025 09:27

Ushbu “suvosti fantomi” deb atalgan bionik meduza-dron Shimoli-g‘arbiy politexnika universitetining mexanika va elektrotexnika fakulteti tadqiqotchisi Tao Kay boshchiligidagi jamoa yaratgan. Universitet ma’lumotiga ko‘ra, robot dron suvga tushganda haqiqiy meduzadan deyarli farq qilmaydi. Bu unga suvda real vaqt rejimida kuzatuv olib borish imkonini beradi.
“Robotning energiya sarfi juda kam, deyarli shovqinsiz ishlaydi va tashqi ko‘rinishi tabiiy meduzaga o‘xshash. Shu bois u chuqur suvda yashirin monitoring, ekotizimlarni kuzatish hamda suvosti inshootlarini aniq tekshirish uchun juda mos”, degan Tao Kay.
Robotning shaffof tanasi soyabon shaklidagi bosh va harakatlanuvchi paychalardan iborat bo‘lib, u tadqiqotchilar ishlab chiqqan gidrogel elektrod materialidan tayyorlangan. Qurilma 120 millimetr diametrga ega bo‘lib, og‘irligi atigi 56 grammni tashkil etadi.
U suv ostida elektrostatik gidravlik aktuator yordamida harakatlanadi — bu mexanizm haqiqiy meduzaning harakatlariga taqlid qiladi. 28,5 millivatt quvvatda ishlovchi robot deyarli hech qanday fizik yoki akustik bezovtalik keltirib chiqarmaydi, bu esa uzoq muddatli yashirin missiyalarni amalga oshirishga imkon beradi. Meduza-robot mini kamera moduli va ichki sun’iy intellekt chipi bilan jihozlangan.
