22-10-2025 09:57

Zelenskiyga ko‘ra, bu tizimlar Rossiya qo‘llayotgan ballistik raketalarga qarshi eng samarali himoya sanaladi. Biroq tizimlarni yetkazib berish yillab davom etishi mumkin — chunki ushbu texnika uchun navbatda turgan boshqa xaridorlar ham mavjud.
“Hamma gap ishlab chiqarishdagi navbatda. Biz ushbu 25 ta tizimni yillar davomida, har yili har xil miqdorda olamiz. Oq uy istisno tariqasida navbatni o‘zgartirishi mumkin”, degan Zelenskiy.
Uning aytishicha, ba’zi Yevropa davlatlari o‘z buyurtmalaridan voz kechib, mavjud Patriot batareyalarini Ukrainaga yuborishi mumkin.
“Agar hamma birgalikda harakat qilsa va xohish bo‘lsa, Oq uy Yevropadagi mavjud AQSH tizimlarini Ukrainaga yuborishda yordam berishi mumkin”, degan prezident.
Zelenskiyning aytishicha, har bir Patriot tizimining narxi qariyb 1 milliard dollarni tashkil etadi. Ayni paytda, Ukraina moliyaviy jihatdan ancha cheklangan. Kiyev ushbu xarajatlarni Rossiyaning Yevropada muzlatilgan aktivlari hisobidan moliyalashtirilayotgan 140 milliard yevrolik kompensatsiya krediti orqali qoplashga umid qilmoqda. Biroq bu reja hali tasdiqlanmagan.
Prezidentga ko‘ra, moliyalashtirishning boshqa yo‘llari ham bor. Ukraina hozirgacha 28 ta davlat bilan xavfsizlik bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzolagan. Shularni hisobga olgan holda, mablag‘ ajratish va bo‘nak to‘lovlarini amalga oshirish imkoniyati mavjud.
Yana bir variant — NATOning Prioritized Ukraine Requirements List tashabbusi bo‘lib, bu orqali ittifoqchilar AQSHdan qurol sotib olib, Ukrainaga yuborishi mumkin. Biroq Zelenskiy ta’kidlaganidek, Tramp davrida AQSH harbiy yordami ancha sekinlashgan.—
