22-10-2025 10:15

Rossiya 22-oktyabrga o‘tar kechasi Ukrainaga raketalar va zarbdor dronlar bilan hujum uyushtirdi.
Kiyevda hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Ulardan birining o‘limi – Dniprovsk rayonida, yong‘in ichida qolgan ko‘p qavatli uyda qayd etilgan. So‘nggi ma’lumotlarga, 19 kishi jarohatlangan, shundan besh nafari bolalar. Jabrlanuvchilardan to‘qqiz nafari shifoxonaga yotqizilgan – bular besh nafar katta yoshli kishilar hamda to‘rt nafar bolalar, deya aniqlik kiritdi poytaxt meri Vitaliy Klichko. Kiyevning boshqa rayonlarida – Pechersk, Desnyansk, Darnitskiy va Solomenskda ham binolar shikastlanishi qayd etilgan.
Kiyev oblastining Brovari rayonida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, deb xabar qildi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnik. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarning uch nafari Pogrebi qishlog‘idan – bular 38 yoshli ayol, 12 yoshli qiz va olti oylik chaqaloq. Halok bo‘lganlardan to‘rtinchisi – 38 yoshli erkak.
Zaporijjya oblastida kamida 13 kishi jarohatlangan, shundan ikki nafari bolalar, deb xabar bergan oblast harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov. 15 ta ko‘p qavatli uylar, xususiy uylar va noturar joylar shikastlangan.
Odessa oblastining Izmail shahrida Rossiya zarbdor dronlari hujumi oqibatida energetika va port infratuzilmasi zararlangan, yong‘inlar kelib chiqqan, deb xabar beradi oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiper. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.
Hujumlar natijasida elektrni avariyaviy o‘chirishlar boshlandi. DTEK energetika kompaniyasi Kiyev shahrida, shuningdek, Kiyev va Dnipropetrovsk oblastlarida o‘chirishlar joriy etilganini ma’lum qildi. Energetika vazirligi aniqlik kiritishicha, energetika infratuzilmasiga yoppasiga raketa va dronlar hujumi mamlakatning aksariyat hududlarida favqulodda uzilishlarga olib kelgan. «Ukrenergo»ning qo‘shimcha qilishicha, eng og‘ir vaziyat Sumi va Chernihiv oblastlarida kuzatilmoqda. «Ukrzalіznitsya»ning xabar berishicha, zarbalar natijasida infratuzilmaga zarar yetgan va temiryo‘lda elektr ta’minoti uzilgan joylar bor. Ba’zi poyezdlar kechikish va o‘zgargan yo‘nalishlar bilan ketmoqda.
Volodimir Zelenskiy Ukraina bo‘ylab zarbalarga izoh berarkan, jabrlangan hududlarni sanab o‘tdi – Kiyev, Odessa, Chernihiv, Dnipropetrovsk, Kirovograd, Poltava, Vinnitsa, Zaporijjya, Cherkass va Sumi.
«Rossiya urushni cho‘zish uchun yetarlicha bosim his qilmayotganini isbotlovchi yana bir kecha», – deb yozgan Zelenskiy. Uning qo‘shimcha qilishicha, «Rossiya rahbariyati „tanqidiy muammolar“ni boshdan kechirmaguncha, Rossiya diplomatiyasi haqidagi so‘zlar hech narsani anglatmaydi». «Buni esa faqat sanksiyalar, faqat uzoqni ko‘zlash va barcha hamkorlarimizning muvofiqlashtirilgan diplomatiyasi bilan ta’minlash mumkin», – dedi Ukraina prezidenti.
