«Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon xonimning Abu Ali Ibn Sino kimning farzandi va qaysi millatga mansub ekanligi haqidagi bayonotiga o‘z munosabatimni bildirmoqchiman.
Avvalambor o‘zbek-tojik do‘stligi ko‘p ming yilga borib taqalishini e’tirof etib, Sizga o‘z hurmatimni izhor qilaman. Ammo buyuk faylasuf Suqrot aytganidek "Aflotun manim do‘stim, biroq haqiqat ustundir".
Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari endi haqiqatdan ham birlashayotgan bir tarixiy paytda, o‘zaro chegaralar ochilib, barcha sohalarda mukammal hamkorlik rivojlanayotganda barchamiz aytayotganimizni yetti o‘lchab bir kesib gapirishimiz kerak, albatta.
Ikkinchidan, shu mavzuda bahs ochilgan ekan, mintaqamiz tarixini puxta o‘rgansak, IX-X asrlarda mintaqamizda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston yoki Qirg‘iziston deb tavsiflanish bo‘lmaganini e’tirof etish kerak.
Uchinchidan, o‘sha zamonlardagi ilm-fanning va ma’rifatning yuksalishi, Renessans davrining cho‘qqiga chiqishining bosh omillaridan biri mintaqamizdagi bir jo‘g‘rofiy hudud qamrovidagi yaratilgan erkin muhitdir.
To‘rtinchidan, bugungi kunda internetning istagan qidiruv tizimiga murojaat qilsangiz, Abu Ali Ibn Sino qaysi mamlakat farzandi deganda: Abu Ali Ibn Sino (980-1037), mashhur tabib, faylasuf, matematik va olim, Buxoro yonida tug‘ilgan. Uning tug‘ilgan joyi hozirgi kunda O‘zbekiston hududiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli, Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi hisoblanadi.
Beshinchidan, Abu Ali Ibn Sinoning millati to‘g‘risidagi savol qanchalik o‘rinsiz bo‘lsa-da, Sizga shuni ma’lum qilmoqchimanki, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarga, albatta, salbiy ta’sir qilmay qolmaydi, va shubhasiz, uchinchi taraf bunday hollarda o‘zining g‘araz maqsadlarida foydalanadi. Biz bugun katta mintaqada yashar ekanmiz, ilm-fan, adabiyot, ma’rifat sohasida cho‘qqiga chiqqan ulug‘ olimlarni seniki, meniki demasdan bir zaminda yashagan bobolarimizning munosib farzandlari bo‘lishimiz kerak».
Prof. Sherzodxon Qudratxo‘ja
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori,
siyosiy fanlar doktori.