Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova ishtirokidagi mazkur brifingda muzeylarga mahalliy va xorijiy sayyohlarni keng jalb qilish maqsadida 27 ta muzeyda sovgʻalar va suvenir doʻkoni, hunarmandlar ustaxonasi va savdo shoxobchalari, onlayn doʻkonlar, rassomlar, artistlar va folklor jamoalari, hunarmandlar uchun hamda fotosessiya uchun maxsus hududlar tashkil etilgani maʼlum qilindi.
Shuningdek, muzeylarga inklyuziv shart-sharoitlar yaratish maqsadida 53 ta muzeyda pandus yoʻlakchasi, 9 ta muzeyda koʻtarilish vositasi (lift) oʻrnatildi va 35 ga yaqin muzeylarda audiogidlar tashkil etildi.
“2024-yilning tegishli davri davomida madaniy boyliklarni olib chiqilishi uchun rasmiylashtirilgan sertifikatlar soni 918 tani, unga asosan respublikadan olib chiqishga ruxsat berilgan ashyolar soni 10,980 tani, madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqishga berilgan sertifikatlar soni esa 34 tani, predmetlar soni 369 tani tashkil etdi”, — deyiladi brifingda.
Qoʻshimcha qilinishicha, 2024-yil 1-sentyabr holatiga koʻra respublika hududida jami hisobda 8 366 ta (7836 ta davlat mulki, 530 ta xususiy mulk) madaniy meros obyekti Vazirlar Mahkamasining 846-sonli qaroriga asosan milliy roʻyxatga kiritilib, ushbu roʻyxat qayta shakllantirilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Osiyo madaniy merosini saqlash alyansiga aʼzo boʻlgani, 12-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro tadqiqot markazi Ustaviga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshilishi toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilingani alohida taʼkidlandi.