14-10-2025 10:07
2026-yil 1-martdan e’tiboran raqamli markirovka tizimi joriy qilingan tovarlarning yaroqlilik muddati o‘tgan bo‘lsa, ularning savdosi ushbu tizim orqali avtomatik ravishda cheklanadi. Bu 6-oktyabrda qabul qilingan 296-sonli prezident qarorida nazarda tutilgan.
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etilgan. Yangi tartib bilan, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlar savdosi avtomatik cheklanadi: bunday tovarlarga chek shakllantirib bo‘lmaydi.
Davlat soliq qo‘mitasi Kun.uz’ga bu tizim qanday ishlashini tushuntirib berdi.
Amaldagi tartibga asosan, markirovkalanadigan mahsulotlarga raqamli markirovka kodlarini biriktirishda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahsulot bo‘yicha to‘liq ma’lumot “Asl belgisi” avtomatlashtirilgan tizimiga kiritish uchun “CRPT Turon” MCHJga taqdim etiladi. Bu ma’lumotlar mahsulot nomi, qiymati, miqdori, ishlab chiqarilgan sana, yaroqlik muddati va boshqalarni o‘z ichiga oladi.
Misol uchun, chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar tomonidan mijozga mahsulotni sotishda 2D skaner orqali o‘qitishda mazkur mahsulotdagi markirovka kodi “Asl belgisi” ATdan olingan ma’lumotlar bilan solishtirilib, yaroqlik muddati o‘tgan bo‘lsa, onlayn-NKT ekranida “mahsulot yaroqli muddati o‘tgan” yozuvi paydo bo‘ladi.
Shu tariqa, agar tizim mahsulotning muddati o‘tgan deb topsa, u mahsulotga chekni shakllantirishga avtomatik tarzda yo‘l bermaydi.
Soliq qo‘mitasining tushuntirishicha, bunday tovarlar tizimda “bloklangan” deb belgilanganidan so‘ng, ishlab chiqaruvchi yoki do‘kon egasi yaroqsiz holga kelgan tayyor mahsulotning qiymatini hisobdan chiqarishi kerak.
“Tovarlar yaroqsiz holatga kelgani aniqlangan bo‘lsa, majburiy inventarizatsiya o‘tkazish kerak. Uning natijalariga binoan hisobdan chiqarish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi. Tovarlarning buzilishidan ko‘rilgan zararlar korxonaning boshqa operatsion xarajatlariga kiritiladi (9430-schyot)”, – deyiladi Soliq qo‘mitasi izohida.
Ma’lumot uchun, majburiy raqamli markirovkalash joriy etilgan tovarlar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi: