«Milton» to‘foni 50 milliard dollar zarar yetkazdi
13.10.2024 13:52
«Milton» to‘foni yetkazgan zarar — 50 milliard dollar.
Bu haqda bayonot bergan AQSH prezidenti Jo Bayden uning ma’muriyati Florida shtatining davlat va mahalliy rahbarlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, kerakli barcha resurslar bilan ta’minlayotganini ma’lum qildi.
U «Milton» to‘fonidan so‘ng qutqaruv va tiklash ishlari bilan band barchaga minnatdorlik bildirib, ertaga, yakshanba kuni tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hududlarga borishini ma’lum qildi.
Florida shtati hukumati ma’lumotiga ko‘ra, suv toshqini payti 1 600 dan ziyod kishi qutqarilgan. Floridaning 2,2 milliondan ziyod aholisi elektrsiz qolmoqda.
Garchi to‘fon chekingan bo‘lsa-da, Milliy meteorologiya xizmati yaqin kunlar yoki hafta davomida suv toshqinlari xavfi borligidan ogohlantirdi.