12 ballik tizimga kamera va "radar"lar kirmasligi aytildi
25.02.2025 11:51
AOKAda Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda vazirlik mas’ulining ta’kidlashicha, 12 ballik tizim faqat YHX xodimlari tomonidan tuzilgan dalolatnomalar asosida hisoblanadi. Ko‘chadagi kamera va texnik vositalar orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar bu tizimga kirmaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 21-fevral kuni tegishli qonun bilan Ma’muriy va Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, bir yil ichida haydovchi 12 balldan ortiq jarima olgan taqdirda, oxirgi qoidabuzarlik uchun belgilangan tartibda transport boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Bu jazo muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi belgilandi.
Shuningdek, mastlik holatidagi shaxsga transport vositasini boshqarishga yo‘l qo‘yish yoki boshqarishni unga topshirish 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bu Jinoyat kodeksining 261-moddasida qayd etilgan.