11-11-2025 13:53

Haroratning oshishi, qurg‘oqchilik, yomg‘ir rejimining buzilishi hosildorlikni keskin pasaytiradi. Oqibatda ishlab chiqarish hajmi kamayib, narxlar oshadi. Agar ekologik muammolar chuqurlashsa, bu mahsulotlar yaqin kelajakda o‘ta hashamatli tovarlarga aylanishi mumkin.
Qahva
Qahva dunyo bo‘yicha 125 milliondan ortiq odamning daromad manbai sanaladi. Ammo u juda nozik ekin bo‘lib, dengiz sathidan 1000–2000 metr balandlikda, o‘rtacha +18 va +22 °C haroratda va namlikda o‘sadi. Haroratning atigi 1–2 darajaga oshishi hosilni kamaytiradi va kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘ladi.
So‘nggi yillarda Kolumbiya, Braziliya va Efiopiya plantatsiyalarida ilgari bo‘lmagan zararkunandalar paydo bo‘ldi — ayniqsa “qahva zang” qo‘ziqorini. Ba’zi fermerlar ekinlarni salqinroq tog‘ yonbag‘irlariga ko‘chirmoqda, biroq bunday hududlar juda cheklangan. Kofe kompaniyalari tomchilatib sug‘orish tizimlari, iqlim sensorlari va dronlar yordamida kuzatuv texnologiyalarini joriy etmoqda. Ammo bu yechimlar asosan yirik ishlab chiqaruvchilarga qo‘l keladi, kichik fermer xo‘jaliklari uchun esa qimmatga tushadi.
Kakao
Kakao daraxti tropik zonalarda, doimiy +25 °C harorat va yuqori namlikda o‘sadi. Qisqa muddatli qurg‘oqchilik ham butun hosilni nobud qilishi mumkin. Kot-d’Ivuar va Gana kabi dunyodagi asosiy kakao ishlab chiqaruvchilar oxirgi o‘n yillikda qurg‘oqchilik va tuproq degradatsiyasi bilan kurashmoqda.
Mutaxassislar yechim sifatida “agroo‘rmonchilik” tizimini joriy etishni tavsiya etmoqda — bu usulda kakaoni soyabonda o‘stirish uchun yoniga boshqa daraxtlar ekiladi, ular namlikni ushlab turadi va tuproqni himoya qiladi. Biroq bunday tizim qimmat texnika va yillar davom etadigan moslashtiruv jarayonini talab qiladi. Ayrim ilmiy markazlarda yuqori haroratga chidamli kakao navlari yaratilmoqda, ammo ularning keng ishlab chiqarishga joriy etilishi hali erta.
Uzum va sharob
Iqlim o‘zgarishi Yevropa vino sanoatiga ham putur yetkazmoqda. Issiqlik tufayli uzum tezroq pishadi, bu esa sharobning kislota darajasini va hidini o‘zgartiradi. Fransiya, Italiya va Ispaniyadagi ko‘plab sharobchilar uzumzorlarni shimoliy va balandroq hududlarga ko‘chirishga majbur bo‘lmoqda. Ayrim fermerlar esa bunday imkoniyatga ega emas.
Issiqqa chidamli uzum navlari bilan tajribalar o‘tkazilmoqda, ammo bu ham uzoq muddatli va katta mablag‘ talab etuvchi usuldir. Shu sababli kelajakda Yevropa sharoblari o‘zining an’anaviy ta’mini yo‘qotishi mumkin.
Bu uch mahsulotning tanqisligi dunyo iqtisodiyotiga ham jiddiy zarba beradi. Qahva, kakao va sharob eksporti millionlab ish o‘rinlarini ta’minlaydi. Hosildorlikning pasayishi, ayniqsa Afrika, Janubiy Amerika va O‘rta Yer dengizi mintaqalari uchun iqtisodiy bosimni kuchaytiradi. Oqibatda mahsulot narxi o‘sadi, sifat esa pasayadi.
Mutaxassislarning fikricha, vaziyatdan chiqish yo‘li yangi texnologiyalar bilan an’anaviy dehqonchilikni uyg‘unlashtirishda. Raqamli iqlim monitoring tizimlari, tuproq namligini boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hosildorlikni saqlab qolishga yordam beradi. Harakat bugundan boshlanmasa, yaqin kelajakda ertalabki qahvamiz, sevimli shokoladimiz va sharob ichimligi tarixda qolib ketishi hech gap emas.
