11-11-2025 12:44

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani hududidagi qadimgi Qanqa shahridan yangi topilma: 10–11-asrlarga oid devoriy suratlar topildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti xabar berdi.
Institut arxeologlari tomonidan Toshkent viloyati hokimligi homiyligida amalga oshirilayotgan arxeologik qazishmalarning navbatdagi kunida noyob topilma – milodiy 10-11-yuzyilliklarga oid devoriy suratlar aniqlandi.
Suratlar qadimgi Qanqa shahri shahristonida joylashgan katta karvonsaroy hududida topildi. Qadimgi shaharning janubiy darvozasidan taxminan 60 metr masofada joylashgan bu karvonsaroyning umumiy o‘lchami taxminan 100×70 metrni tashkil etadi. Bino o‘zining me’moriy mahobati bilan ajralib turadi.
Karvonsaroy xonalaridan birida olib borilayotgan qazuv jarayonida xonalar devorlaridan qulab tushgan devoriy surat bo‘laklari aniqlandi. Ular 25×30, 15×20 va 30×35 santimetr o‘lchamda bo‘lib, bu karvonsaroy xonalari devoriy suratlar bilan bezatilganini tasdiqlaydi.
Topilmalar arablar bosqinidan keyin ma’lum vaqt yo‘qolib ketgan devoriy bezak san’ati Toshkent hududida ham 10–11-yuzyilliklarda qayta tiklanganini ko‘rsatadi.
Arxeologik ma’lumotlarga ko‘ra, shunga o‘xshash devoriy rasmlar Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham aniqlangan. Madaniy meros agentligi Samarqand arxeologiya instituti restavratorlari ishtirokida o‘rganilayotgan ushbu suratlar Toshkentda ham devoriy suratchilik maktabi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Yodgorlikda 2023-yilda olib borilgan arxeologik izlanishlar davomida 5–7-yuzyilliklarga oid devoriy suratlari qayd etilgan edi.
Qanqa shahridagi ushbu topilma nafaqat hududning madaniy hayoti va san’at rivojini yoritishda, balki Toshkent vohasi o‘rta asrlar tarixini yangi qirradan o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumot uchun, hozirda Qanqani “Ochiq osmon ostidagi muzey”ga tayyorlash bo‘yicha izlanishlar ketmoqda. Bir necha hafta oldin bu yerdan 5–8-asr ibodatxonasi va jangchi sovuti bo‘laklari ham topilgan edi.
