Kecha, 16-sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahri hududidagi favvoralarni ekspluatatsiya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 580-sonli qarori qabul qilindi. Unda favvoralarning “qarzga botgani” qayd etilgan.
Foto: TashkentLand
Qarorda “Toshkent favvorasi” davlat unitar korxonasini tugatish belgilandi. Unga koʻra, tashkilotning mavjud qarzi Toshkent shahar mahalliy byudjetidan 2024-yilda favvoralarni saqlash uchun ajratiladigan mablagʻlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorida Toshkent shahrida joylashgan 43 ta favvora davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida taqsimlanishi, ularning rahbarlari favvoralarning moddiy-texnik holatini yaxshilash va uzluksiz ishlashi uchun shaxsan javobgar boʻlishi belgilandi.
Qaror ilovasiga tirkab qoʻyilgan izohda Obodonlashtirish tashkilotlariga Toshkent shahar mahalliy byudjeti hisobidan 1 ta favvora uchun nasosni ishlatish va taʼmirlashga 1 nafar chilangar hamda 3 ta favvora uchun 1 nafar elektrchi shtat birliklari ajratilishi qayd etilgan.