10-11-2025 07:51

Memorandumni imzolash Vashingtonda OpenAI vakillari va Qozog‘iston rasmiy shaxslari o‘rtasidagi uchrashuvda amalga oshirildi. Qozog‘iston Respublikasi Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi ushbu kelishuv raqamlashtirish va innovatsion ta’lim yechimlarini joriy etish sohasida uzoq muddatli hamkorlik uchun asos yaratishini ta’kidlagan.
Hujjat qozog‘istonlik pedagoglarga uch yil davomida har yili kamida 165 ming ChatGPT Edu litsenziyasini berishni nazarda tutadi. ChatGPT’ning maxsus versiyasi ta’lim muassasalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sun’iy intellektga asoslangan vositalar yordamida o‘qitish sifatini oshirishga qaratilgan.
“Butun dunyo bo‘ylab o‘qituvchilar allaqachon ma’muriy vazifalarni kamaytirish va o‘quvchilarni o‘qitish hamda rivojlantirishga ko‘proq vaqt ajratish uchun sun’iy intellektdan foydalanmoqdalar. To‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash bilan o‘qituvchilar ushbu vositalar bilan ishlash tajribasini rivojlantirib, sun’iy intellektni o‘quv jarayonida eng samarali tarzda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Qozog‘iston hukumati bilan kelishuvimiz mahalliy o‘qituvchilarga ChatGPT’dan foydalanishga va butun mamlakat bo‘ylab maktablarga sun’iy intellekt afzalliklarini joriy etishga yordam beradi”, deydi OpenAI GTM ta’lim va davlat dasturlari yo‘nalishi rahbari Kevin Mills.
Bundan avval OpenAI va O‘zbekiston hamkorlikda ta’lim tizimiga ChatGPT EDU’ni joriy qilishi ma’lum qilingandi.
