Prezident Shavkat Mirziyoyev kecha, 14-noyabr kuni kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda davolashdagi eng katta muammo – kasallikning kech yuzaga chiqishi ekanligi taʼkidlandi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan Qashqadaryoda, tajriba tariqasida, onkologiya boʻyicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga 2 million soʻmdan mukofot berish joriy qilindi. Natijada oilaviy shifokorlar oʻz mahallasidagi 51 nafar ayol va bolalarda shunday belgilarni aniqladi. Buning uchun 102 million soʻm mukofot puli berilib, kech bosqichda sarflanadigan 8 milliard soʻm mablagʻ tejalgan.
Tahlillarga koʻra, jami onkologik kasalliklarning oʻrtacha 20-25 foizi ayollardagi koʻkrak bezi va bachadon saratoniga toʻgʻri keladi. Shu bois bu borada skrininglarni kengaytirish va ularning reyestrini yuritish rejalashtirilmoqda.
Yana bir taklifga koʻra, donorlarni qoʻllab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni olganlarga bir yoʻla beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz boʻladi.
Ushbu yangi tizim kelgusi yil 1-yanvardan joriy qilinishi belgilandi.